Assalomu alaykum, ustozlar. Bir ilmli kishi aytganini eshitgan edim. "Mingtadan ortiq Allohning do'stlarini birlashtirsa ham, bitta sahobadek darajada bo'la olmaydi, sahobaning darajasi juda baland", deb. Shu gap to'g'rimi? Biz oddiy odamlar sahobalarning darajalariga eta olamizmi?
Vaalaykum assalom. "E'tiqod durdonalari" kitobida ushbu masala юzasidan e'tiqodimiz qanday bo'lishi kerakligi batafsil yoritilgan. Uning matnini quyida havola qilamiz:
Sahobalarni yaxshi ko'rish va ularni payg'ambarlardan keyin eng afzal insonlar bo'lgan, deb e'tiqod qilish har bir musulmonning burchi hisoblanadi. Chunki ular muqaddas Islom dinini butun bashariyatga etkazish yo'lidagi barcha mashaqqatlarni zimmalariga ko'targan hamda bu vazifani to'la-to'kis ado etgan zotlardir. Shuning uchun dinini ulug'lagan har bir musulmon ularni ham ulug'lashi lozim bo'lib qoladi.
Sahoba so'zi lug'aviy jihatdan “do'st bo'lmoq”, “birga юrmoq” kabi ma'nolarni anglatadi.
Istilohda esa “iymon keltirgan holatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan ko'rishib, mo'min holida vafot etgan kishi sahoba deyiladi”.
Sahobalar erishgan ulug' martabaga ulardan keyin hech bir bashar erisha olmaydi. Chunki ular fosiqlik va ulug'likka nomunosib ishlardan pok ekanlari hatto tekshirib ham o'tirilmaydigan darajadagi zotlar hisoblanadilar. Qur'oni karimda sahobai kiromlarga shunday xitob qilingan:
كُنْتُمْ خَيْرَ أُمَّةٍ أُخْرِجَتْ لِلنَّاسِ
"Sizlar odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat bo'ldilaringiz." (Oli Imron surasi, 110-oyat)
Ya'ni, ushbu oyati karimadagi vasf Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning barcha ummatlariga taalluqli bo'lsada, sahobai kiromlarning barchalariga mos keladigan xitob hisoblanadi.
Hadisi sharifda sahobalarning martabalari shunday bayon qilingan:
عَنْ أَبِى سَعِيدٍ الْخُدْرِىِّ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ « لاَ تَسُبُّوا أَصْحَابِى فَوَالَّذِى نَفْسِى بِيَدِهِ لَوْ أَنَّ أَحَدَكُمْ أَنْفَقَ مِثْلَ أُحُدٍ ذَهَبًا مَا أَدْرَكَ مُدَّ أَحَدِهِمْ وَلاَ نَصِيفَهُ »رَوَهُ التِّرْمِذِيُّ
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Sahobalarimni tahqirlamanglar, jonim uning qo'lida bo'lgan zotga qasamki, agar sizlardan biringiz Uhud (tog'i) mislicha oltin sarflasa ham, ulardan birortasining “mud”(544 gramga teng o'lchov birligi)iga ham, uning(mudning) yarmiga ham erisha olmaydi”. Termiziy rivoyat qilgan.
Chunki bu zotlar payg'ambarlarning so'ngisiga sahoba bo'lishdek baxtga sazovor bo'lgan va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam olib kelgan hidoyat nuriniboshqalarga etkazish yo'lida molu-jonlarini fido qilgan mo'minlardir. Keyingilar esa faqat ular etkazgan narsalarga rioya qiladigan mo'minlar sanaladi.
Abu Zar'a Roziy rohmatullohi alayh sahobalarni ulug'lash lozimligini ta'kidlab shunday degan: “Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan birortasini yomonotliq qilayotgan biror kimsani ko'rsangiz bilingki u kimsa zindiq (dinsiz)dir. Chunki biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni haq deb bilamiz, (u zot olib kelgan) Qur'onni haq deb bilamiz, bizlarga esa Qur'onni ham, sunnatlarni ham sahobalar etkazganlar. Shuning uchun ham Qur'on va sunnatni botilga chiqarmoqchi bo'lgan kimsalargina bu ikkalasini etkazgan zotlarni yomonotliq qilishga urinadilar. Vaholanki ularning o'zlariguvohliklari qabul qilinmaydigan zindiqlardir”. Vallohu a'lam.