Saharlik tugagandan keyin birdan bomdod namozini o‘qisa bo‘ladimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Ha, saharlikning tugash vaqti — bomdod namozining boshlanish vaqtidir. Ibodatlar borasida ehtiyot tomonini olish jihatidan, fiqhiy manbalarimizda saharlikni tong otdimi, yo‘qmi deb shakka tushadigan vaqtgacha kechiktirmaslik bayon qilingan:
وَيُكْرَهُ تَأْخِيرُ السُّحُورِ إلَى وَقْتٍ يَقَعُ فِيهِ الشَّكُّ هَكَذَا فِي السِّرَاجِ الْوَهَّاجِ .
“Saharlikni (tong otgan yoki otmaganligi haqida) shak voqe’ bo‘ladigan vaqtgacha kechiktirish makruhdir. Sirojul vahhoj kitobida shunday kelgan” (“Al-Fatovo al-hindiya” kitobi).
Demak, saharlikni imkoni boricha tong haqida shubhaga tushadigan vaqtgacha taqamaslik, balki 10-15 daqiqa ertaroq og‘iz yopish ehtiyotga yaqinroqdir.
Endi bomdod namozida ehtiyotkorlik tong otishi bilanoq uni o‘qish emas, balki biroz tong yorishgach, tong otgani aniq bo‘lganidan keyin o‘qish mustahabdir:
(ويستحب الإسفار بالفجر) لقوله صلى اللّه عليه وسلم: "أسفروا بالفجر فإنه أعظم للأجر". قال الترمذي: حديث صحيح، والإسفار: الإضاءة... وحد الإسفار المستحب: أن يكون بحيث يؤديها بترتيل نحو ستين أو أربعين آية ثم يعيدها بطهارة لو فسدت
“Bomdodni tongni yorishtirib o‘qish mustahabdir. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Bomdodni tong yorishganda o‘qinglar. Chunki uning savobi kattadir", deganlar. Imom Termiziy bu hadisni sahih deganlar....Tongni yorishtirishning chegarasi – oltmish yoki qirq oyatni tartil bilan o‘qigach namozi buzilsa, yangidan tahorat qilib (quyosh chiqquncha) yana namozini qayta o‘qiy oladigan vaqtdir” (“Al-Lubob fi sharhil kitob”). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.