Men ishim yuzasidan safarda ko‘p bo‘laman. Namoz payti bo‘lganda, mashinada o‘tirgan holatimda namozlarimni o‘qib olaman. Chunki, mashinadan tushib namozlarni ado etadigan bo‘lsam, vaqt ko‘p ketib qoladi. Shu ishim to‘g‘rimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Musofir kishi besh vaqt farz va vitr namozini yengil mashina yoki yuk ulovlarida uzrsiz o‘tirib o‘qishi joiz emas. Sababi, bunday namoz o‘qilganda namozning tik turish, ruku, sajda kabi farz amallarini yerga tushib bajarishga qodir bo‘la turib bajarmagan hisoblanadi. Natijada, o‘qilgan namoz durust bo‘lmasdan qoladi. Ibn Umar roziyallohu anhumo aytadilar:
كَانَ النَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم يُصَلِّي فِى السَّفَرِ عَلَى رَاحِلَتِهِ حَيْثُ تَوَجَّهَتْ بِهِ يُومِئُ إِيمَاءً صَلاَةَ اللَّيْلِ، إِلاَّ الْفَرَائِضَ (رواه الإمام البخاري والإمام مسلم)
ya’ni: “Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam safar paytida ulovlari qayerga qarab ketishidan qat’iy nazar farzlardan boshqa namozlarni imo-ishora bilan ulov ustida o‘qir edilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
"Al-Mavsuatul fiqhiyya al-Kuvaytiyya" kitobida shunday deyilgan:
عند الحنفية ما يعتبر واجبا عندهم من غير الفريضة كالوتر لا يجوز على الراحلة بدون عذر وكذلك سجدة التلاوة
ya’ni: "Hanafiylarning nazdida farzdan boshqa vojib amallar ham bor. Masalan, vitr namozi. Vitr namozini uzrsiz ulov ustida o‘qish joiz emas. Shuningdek, tilovat sajdasini ham ulov ustida ado qilish joiz emas".
Ulamolarimiz yuqoridagi ma’lumotlarga suyanib, farz va vojib hamda janoza namozlarini yengil yoki yuk avtoulovlarida uzrsiz o‘tirib o‘qish durust emas deydilar. Fiqhiy kitoblarimizda quyidagi uzrli holatlarda safarda farz namozlarni ulovda o‘qish mumkin ekani aytib o‘tilgan:
Demak, farz va vojib namozlarini yuqorida zikr qilingan uzrlardan biri topilsa, musofir kishi mashinada o‘tirib, imo-ishora qilib ado qilishi mumkin. Uzr sababli ulov ustida o‘qilgan namozni uzr ketgandan keyin qayta o‘qilmaydi. “Xulosatul fatavo” kitobida farz va vojib namozlarni uzr sababli ulovda o‘qiyotgan kishi imkon bo‘lsa, albatta, qiblaga yuzlanib o‘qiydi. Mabodo, qiblaga yuzlanishning imkoni bo‘lmasa ulov ketayotgan tarafga qarab namozini ado etishi mumkin deyilgan. Ammo uzrlardan biri topilmasdan turib mashinada o‘tirib farz va vojib namozlarini o‘qilsa namoz durust bo‘lmaydi.
Shuningdek, musofir kishi safari davomida faqat nafl namozlarni barcha avto ulov turlarida, xoh u yengil yoki yuk mashina bo‘lsin, xoh suvda yuruvchi yoki havoda uchuvchi vosita bo‘lsin, o‘tirib, imo-ishora qilib o‘qishiga shariatimiz ruxsat beradi. Bu haqida Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumo aytadilar:
أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ يُصَلِّي التَّطَوُّعَ وَهُوَ رَاكِبٌ فِي غَيْرِ الْقِبْلَةِ (رواه الإمام البخاري عَن جَابِرَ بْنَ عَبْدِ اللَّهِ رضي الله عنهما)
ya’ni: “Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam nafl namozlarini ulov mingan holatlarida qiblaga yo‘nalmasdan ham o‘qir edilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Nafl namozlarini ulov ustida o‘qish haqida "Al-Mavsu’atul fiqhiyya al-Kuvaytiyya" kitobida shunday deyilgan:
اتفق الفقهاء على أنه يجوز للمسافر صلاة النفل على الراحلة حيثما توجهت به
ya’ni: “Musofir kishi nafl namozlarni ulov qaysi tarafga qarab ketishidan qat’iy nazar ulov ustida o‘qishi joiz ekaniga ulamolar ittifoq qilganlar”.
“Hidoya” kitobida farzdan oldingi va keyingi sunnatlar ham nafllar qatoriga kiradi deyilgan. Lekin, Imom A’zam rahmatullohi alayh bomdodning sunnatini ulovdan tushib o‘qish afzal, chunki u boshqalariga nisbatan ta’kidliroq deganlar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.