SADAKA

ID: 3795

31.10.2025

80

Savol:

Savolim shundan iboratki, Alloh taoloning yordami va o‘zimizning harakatlarimiz bilan uy, mashina oldik. Qizim ham grant asosida o‘qishga kirdi. shularga shukrona sifatida bir jonliq so‘yib ehson qilishni niyat qilgan edim. Shu jonliqni pulini sadaqa qilsam ham bo‘ladimi yoki so‘yishim shartmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim. Agar Siz falon ishlarim bitsa, falon narsalarga erishsam jonliq zimmamga vojib bo‘lsin degan bo‘lsangiz bu nazr bo‘ladi. Nazr qilinganida qanday fe’l aytilgan bo‘lsa (ro‘za tutish, namoz o‘qish, jonliq so‘yish kabi) shu fe’lni bajarish shart bo‘ladi. Bordiyu, shunchaki qalbingizda niyat qilib, lafz bilan aytmagan bo‘lsangiz yoki yuqorida aytilganidek falon ishlarim bitsa deb biror ishga bog‘lamagan bo‘lsangiz bu nazr bo‘lmaydi.Chunki niyat qilib qo‘yishning o‘zi bilan ibodat zimmaga vojib bo‘lib qolmaydi. Agar shu kuni ro‘za tutishni nazr qildim yoki nazrni ifodalaydigan so‘zlar bilan aytgan bo‘lsangiz, ana shunda nazrga aylanadi va tutib berish lozim bo‘ladi. Qolaversa, nazrni qalb bilan qilinmaydi, balki tilda aytish lozim. Fiqhiy manbalarimizda bu borada ma’lumotlar berilgan: فركن النذر هو الصيغة الدالة عليه وهو قوله: لله عز شأنه علي كذا، أو علي كذا، ونحو ذلك “Nazrning rukni nazrga dalolat qiluvchi siyg‘ada bo‘lishidir. “Alloh uchun zimmamga shu ish lozim bo‘lsin”, “Zimmamga shu ish lozim bo‘lsin” kabi nazrni ifodalovchi so‘zlar bo‘lishi lozim. (“Badoye’us sanoye’” kitobi). "لأن المعول عليه في النذر هو اللفظ... فلا يكفي في ذلك النية وحدها بدونه." “Nazrdagi asosiy nuqta lafzdir. Shunga ko‘ra nazr qilishni lafzda aytmay, quruq niyat qilishning o‘zi kifoya qilmaydi”. (“Al-Mavsu’a al-fiqhiyya” kitobi). Demak, Sizning maqsadingiz va harakatlaringiz nazr qoidalariga muvofiq kelsa nazr bo‘ladi va jonliqni so‘yishga majbur bo‘lasiz. Agar nazr qoidalariga muvofiq kelmasa jonliqni qiymatini sadaqa qilishingiz ham mumkin. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar