Hajning farzlaridan biri ziyorat (ifoza) tavofidan keyin sa’y qilmasa ham bo‘ladimi? Chunki ba’zilar undan oldin sa’y qilingan bo‘lsa, ushbu tavofdan keyin sa’y qilmasa bo‘ladi, deb aytishmoqda. Shu to‘g‘rimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Ushbu so‘z ifrod hajiga oid gapdir. Mufrid ya’ni miyqotdan ifrod hajini qilish ehromga kirgan kishi Makkaga kelib avval tavofi qudum qiladi. Ana shu tavofda sa’y qilsa, ziyorat tavofida sa’y qilmasa bo‘ladi.
Tamattu’ hajini qilayotgan inson esa Makkaga kelganda avval umrani ado qiladi va sochini olib ehromdan chiqadi. So‘ng Makkada ehromsiz holatda turadi. So‘ng Haram hududida haj uchun ehromga kiradi. Undan keyin haj quyidagi tartibda davom ettiriladi:
( وَفَعَلَ مَا يَفْعَلُهُ الْحَاجُّ الْمُفْرِدُ ) ؛ لِأَنَّهُ مُؤَدٍّ لِلْحَجِّ إلَّا أَنَّهُ يَرْمُلُ فِي طَوَافِ الزِّيَارَةِ وَيَسْعَى بَعْدَهُ ؛ لِأَنَّ هَذَا أَوَّلُ طَوَافٍ لَهُ فِي الْحَجِّ ، بِخِلَافِ الْمُفْرِدِ ؛ لِأَنَّهُ قَدْ سَعَى مَرَّةً ، وَلَوْ كَانَ هَذَا الْمُتَمَتِّعُ بَعْدَمَا أَحْرَمَ بِالْحَجِّ طَافَ وَسَعَى قَبْلَ أَنْ يَرُوحَ إلَى مِنًى لَمْ يَرْمُلْ فِي طَوَافِ الزِّيَارَةِ وَلَا يَسْعَى بَعْدَهُ ؛ لِأَنَّهُ قَدْ أَتَى بِذَلِكَ مَرَّةً
Tamattu’ qiluvchi haj ehromiga kirgandan keyin mufrid (ifrod haj qiluvchi) qiladigan ishlarni qiladi. Chunki u hajni ado qilmoqda. Magar u Ziyorat tavofida ramal qiladi va tavofi ziyoratdan keyin sa’y qiladi. Chunki bu uning hajdagi birinchi tavofi hisoblanadi. Mufrid esa unday emas. Chunki u oldin (haj hisobidan) sa’y qilgan. Agar bu tamattu’ qiluvchi hajga ehromga kirgandan keyin, Minoga ketmasdan oldin sa’y qilgan bo‘lsa tavofi ziyoratda ramal qilmaydi va undan keyin sa’y qilmaydi. Chunki u bu narsalarni bir marta bajarib bo‘lgan. (Hidoya).
Bugungi kunda yurtimizdan borayotgan ziyoratchilar tamattu’ hajini bajaradilar. Shu bois ular haj uchun mehmonxonadan ehromga kiradilar va to‘g‘ri Minoga chiqib ketadilar. Ularning farz tavoflari ya’ni ziyorat tavofi hajdagi birinchi tavoflari bo‘ladi. Shuning uchun ular tavofdan keyin sa’y qilishlari lozim bo‘ladi. Biroq kimdir haj ehromiga kirgandan keyin Minoga ketishdan oldin tavofi qudum qilib, ortidan sa’y qilgan bo‘lsa ziyorat tavofidan keyin sa’y qilmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.