Imom Mahdiy chiqsalar qaysi shariatga amal qiladilar?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Imom Mahdiy chiqishlarini Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam xabar berganlar. Bu xabar eshitdik, imon keltirdik, deyiladigan xabarlar sirasidan bo‘lib, tafsilotiga kirishilmaydi. Zotan kirishishning ham foydasiga yo‘q.
Rasuli akram sallallohu alayhi vasallam u kishi haqida shunday marhamat qilganlar:
" الْمَهْدِيُّ مِنِّي، أَجْلَى الْجَبْهَةِ ، أَقْنَى الْأَنْفِ، يَمْلَأُ الْأَرْضَ قِسْطًا وَعَدْلًا كَمَا مُلِئَتْ جَوْرًا وَظُلْمًا، يَمْلِكُ سَبْعَ سِنِينَ (رواه الإمام أبو داود عن أبي سعيد رضي الله عنه)
ya’ni: “Mahdiy men(ing nasabim)dandir. Peshonasi yaltiroq, burni uzunroq. U zulm va javrga to‘lgan yer yuzini adolat va insofga to‘ldiradi. Uning mulki yetti yil davom etadi” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Mahdiy haqlarida “Avnul ma’bud sharh sunani Abu Dovud” kitobida shunday deyiladi:
يقيم السنة ويعمل بشرع الله تعالي ... فلا يقيم شرعا جديدا بل يوافق ما جاء به الرسول صلي الله عليه وسلم
ya’ni: “U zot sunnatni qoim qilib, Alloh taoloning shariatiga amal qiladi. Yangi shariat olib kelmaydi, balki Rasululloh sallallohu alayhi vasallam olib kelgan shariatga muvofiq ish yuritadi". Tavfiq Allohdan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.