ERKAKNING TO‘PIG‘I OCHIQ TURISHI SUNNATMI?

ID: 361

04.04.2025

27

Savol:

Erkak kishini to‘pig‘i ochiq turishi sunnatmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Islom manmanlik va mutakabbirlikning barcha turlarini harom qilgan. Ana o‘shalar qatorida kiyim-kechak ila manmanlik qilish, gerdayishni ham harom qilgandir. Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

مَنْ جَرَّ ثَوْبَهُ خُيَلاَءَ لَمْ يَنْظُرِ اللَّهُ إِلَيْهِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ

“Kim manmanliklik ila kiyimini sudrab yursa, qiyomat kuni Alloh unga nazar solmas”, – deganlar.

SHunda Abu Bakr raziyallohu anhu: “Yo Rasululloh, mening izorimning bir tarafi uni ushlab yurmasam tushib qoladi?”, – dedilar. “Sen manmanlik ila qiladiganlardan emassan”, – dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Imom Buxoriy o‘zlarining “Al-Jomius-sahih” hadis to‘plamlarida “Manmanliksiz ishtonini sudrab yurgan kishi haqida bob”, deb alohida mavzu keltirganlar. Ushbu mavzu ostida mazkur hadisni keltirish bilan birga Payg‘ambarimiz alayhissalom bir janozaga kiyimlarini sudrab borganlari haqidagi rivoyatni ham keltiradilar. Bu bilan Imom Buxoriy rahimahulloh manmanliksiz uzun kiyim kiyish joiz ekaniga ishora qiladilar.

Imom Navaviy rahimahulloh aytadilar: “Hadisdagi “manmanliklik ila” jumlasi barcha ishton poychasini sudrab yuruvchilardan xoslaydi va qaytariqdan murod takabburlik qilib kiyimni sudrash ekanini ko‘rsatadi. Shuning uchun ham Nabiy alayhissalom Abu Bakr raziyallohu anhuga bu borada ruxsat berganlar va “Sen manmanlik ila sudrab yuradiganlardan emassan”, deya marhamat qildilar (“SHarhu Sahihi Muslim” kitobi 2-juz, 116-bet).

Demak, erkak kishi izor (ishton, shim)ini uzun kiymasligi yoki topiqni ochib yurishi kerakligi haqidagi buyuruqlarning asosiy sababi manmanlikdan qaytarish ekan. Shuning uchun kishi modomiki mutakabbirlik qilmasdan to‘pig‘ini yopadigan uzun shimda yurishi joizligi kelib chiqadi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar