Ruku va sajda tasbehlarini uch martadan ko‘p aytish mumkinmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Ruku va sajda tasbehlarini uchtadan ko‘p aytish mustahab. Lekin bu masala biroz tafsilotga ega. “Fatovol hindiya” kitobida shunday deyiladi: “Rukuda uch marta سبحان ربي العظيم Subhana robbiyal aziym, deydi. Bu eng kami. Agar tasbehni butunlay tark qilsa yoki bir marta aytsa, makruhlik bilan joiz bo‘ladi... Sajdada uch marta سبحان ربي الاعلى Subhana robbiyal a’laa, deydi. Bu eng kamidir" (“Muhit” kitobi).
Ruku va sajdada tasbehlarni toq qilib, uchtadan ko‘p aytish mustahabdir (“Hidoya” kitobi). Ruku va sajda tasbehlarida eng kami uch marta, o‘rtachasi besh marta, komil holati esa yetti marta aytishdir (“Zod” kitobi).
Agar imom bo‘lsa, ruku va sajda tasbehlarini qavmga malol keladigan darajada ko‘paytirib yubormaydi (“Hidoya” kitobi)”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.