Dovud alayhissalom roʻzasi haqida tushuncha bersangiz, juma kuni ham tutilsa joizmi?
Assalomu alaykum. Buni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhuga tavsiya qilganlar. Imom Ahmad va boshqa muhaddislar rivoyat qilgan. Bir kun ro‘za tutib, bir kun tutmay yurishni Dovud alayhissalomning ro‘zasi deb madh qilingan:
أحبّ الصيام الى الله صيام داود وأحبّ الصلاة الى الله صلاة داود، كان ينام نصفه ويقوم ثلثه وينام سدسه وكان يصوم يوما ويفطر يوما
“Alloh taologa ro‘zalarning eng sevimlisi Dovud alayhissalomning ro‘zasidir. Alloh taologa namozlarning eng yaxshisi Dovud alayhissalomning namozidir. Ul zot kechaning yarmida uxlar edilar-da, uchdan biri qolganda namozga turar edilar va yana oltidan biri qolganda uxlab olar edilar. Ul zot bir kuni ro‘za tutar edilar va bir kuni ro‘za tutmasdan yurar edilar”.
Juma kunini xoslab ya’ni boshqa kunlari ro‘za tutmasdan faqat juma kuni ro‘za tutish makruh hisoblanadi. Ammo kun ora ro‘za tutayotganlarni qaysidir bir kuni juma kuniga to‘g‘ri kelib qolsa yoki oyning boshida, o‘rtasida, oxirida ro‘za tutishni odat qilganlarni ro‘zasi juma kuniga to‘g‘ri kelsa makruh bo‘lmaydi. Juma kuniga biror kunni ya’n payshanba yoki shanba kunini qo‘shib tutish ham makruh bo‘lmaydi. “Raddul muhtor” kitobida bunday deyilgan: إلَّا إذَا وَافَقَ يَوْمًا كَانَ يَصُومُهُ قَبْلُ؛ كَمَا لَوْ كَانَ يَصُومُ يَوْمًا وَيُفْطِرُ يَوْمًا أَوْ كَانَ يَصُومُ أَوَّلَ الشَّهْرِ مَثَلًا فَوَافَقَ يَوْمًا مِنْ هَذِهِ الْأَيَّامِ وَأَفَادَ قَوْلُهُ وَحْدَهُ أَنَّهُ لَوْ صَامَ مَعَهُ يَوْمًا آخَرَ فَلَا كَرَاهَةَ؛ لِأَنَّ الْكَرَاهَةَ فِي تَخْصِيصِهِ بِالصَّوْمِ لِلتَّشَبُّهِ “Lekin avvallari tutayotgan kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, ro‘za tutish makruh bo‘lmaydi. Masalan, kun ora ro‘za tutayotgan bo‘lsa yoki har oyning birinchi kuni ro‘za tutib yurgan bo‘lsa va bu kunlardan biri shanba kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, makruh bo‘lmaydi. Agar bu kunlarga bir kun qo‘shib ro‘za tutsa, mutlaqo karohiyat bo‘lmaydi. Chunki makruhlik yahudiylarga o‘xshab, faqat shanba ro‘za uchun xoslashdadir”.