Assalomu alaykum. Akam bir necha yil avval vafot etgan edilar. U kishi orqalaridan bir qizi qolgan, hozir u 6 yoshda. Kelinimiz yaqin kunlarda turmushga chiqib, jiyanimiz bilan birga poytaxtga ko‘chib ketdilar. Shundan beri akamning qizi bilan ko‘rishishimizga turli to‘siqlar yuzaga kelmoqda. Biz Toshkentga borib ham ko‘rishishga harakat qildik, ammo kelinimiz bunga rozi bo‘lmadi. U “qizga asl otasi haqida gapirmaslikka qasam ichsangiz, keyin ko‘rishishingizga ruxsat beraman”, degan shart qo‘ydi. So‘zlaridan yangi turmush o‘rtog‘ini qizga “bu sening otang” deb tanishtirgani ma’lum bo‘lmoqda. Hatto telefon orqali gaplashishga ham zo‘rg‘a rozi bo‘ladi va jiyanim haqidagi ma’lumotlarni sir tutadi. Savolimiz shundaki: biz — ota tomondan qarindoshlar (buva-buvi, amaki va ammalar) sifatida, marhum akamning farzandi bilan ko‘rishishga haqlimizmi? Shuningdek, bolaga asl otasini yashirib, boshqa insonni “ota” deb tanishtirish shar’an joizmi? Akamdan qolgan yolg‘iz yodgorlikni yetim va bekas qoldirishni istamaymiz. Biz faqat mehr-oqibat rishtalarini uzilmasligini xohlaymiz. Shu holda kelinimizga qanday nasixat qilish, bu masalani qanday tarzda hal etish ma’qul bo‘ladi?
Va alaykum assalom. Shariatimizda tabanniy ya’ni birovni bolasini o‘z pushtikamarimdan bo‘lgan bolam yoki tutingan bolam deb tarbiyasiga olish joiz emas. Albatta yordamlashish ma’nosida qaramog‘iga olib tarbiya qilish joiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikkisini ham qilgan edilar. Zayd ibn Horisa roziyallohu anhuni o‘g‘il qilib tutingan edilar, Aliy roziyallohu anhuni ko‘p farzandli oila bo‘lganlari uchun o‘z tarbiyalariga olganlar. Alloh taolo Qur’oni karimda Zayd ibn Horisa roziyallohu anhuni asrandi o‘g‘il qilib olishlarini bekor qildi. Aliy roziyallohu anhuni bekor qilmadi. Hozirda farzand boqib olayotganlar hammaga “o‘z pushtikamarimdan bo‘lgan bolam” deb tanishtiradi, bolani o‘ziga ham ota-onasi kimligini aytishmaydi. Bu esa gunoh hisoblanadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam عَنْ أَبِي أُمَامَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ فِي خُطْبَتِهِ عَامَ حَجَّةِ الْوَدَاعِ: إِنَّ اللهَ قَدْ أَعْطَى لِكُلِّ ذِي حَقٍّ حَقَّهُ، فَلَا وَصِيَّةَ لِوَارِثٍ، الْوَلَدُ لِلْفِرَاشِ، وَلِلْعَاهِرِ الْحَجَرُ وَحِسَابُهُمْ عَلَى اللهِ، وَمَنِ ادَّعَى إِلَى غَيْرِ أَبِيهِ أَوِ انْتَمَى إِلَى غَيْرِ مَوَالِيهِ فَعَلَيْهِ لَعْنَةُ اللهِ التَّابِعَةُ إِلَى يَوْمِ الْقِيَامَةِ، لَا تُنْفِقُ امْرَأَةٌ مِنْ بَيْتِ زَوْجِهَا إِلَّا بِإِذْنِهِ، قِيلَ: يَا رَسُولَ اللهِ، وَلَا الطَّعَامَ؟ قَالَ: ذَلِكَ أَفْضَلُ أَمْوَالِنَا. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَصَاحِبَاهُ Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining vidolashuv hajidagi xutbalarida: «Albatta, Alloh har bir haq egasiga haqqini berdi. Vorisga vasiyat qilish yo‘q. Bolaga to‘shakka qarab nisbat beriladi. Zinokorga tosh. Hisoblari esa Allohga havola. Kim otasidan boshqaning (nasabini) da’vo qilsa yoki o‘z mavlolaridan boshqaga mansub deb bilsa, unga qiyomatgacha Allohning uzilmas la’nati bo‘lgay. Xotin erining uyidan uning iznisiz nafaqa qilmas», deyayotganlarini eshitdim. «Ey Allohning Rasuli, taomni hammi?» deyildi. «U eng afzal molimiz-ku», dedilar u zot». Termiziy va uning ikki sohibi rivoyat qilganlar. Sharh: Qasddan birovning nasabiga qo‘shilish Islomda qattiq qoralanadi. Bu o‘zidan bo‘lmagan bolani «Meniki» deyish o‘zining otasi bo‘lmagan odamni «Mening otam», begona qabilani «Mening qabilam» deyish bilan barobardir. Chunki bu hollarda ko‘pgina noshar’iy ishlar sodir bo‘ladi, haq-huquqlar poymol etiladi. Begona odam yolg‘on da’vo bilan mahram holiga kirib olishi, mo‘mina-muslimalar bilan noshar’iy holatlarda bo‘lishi, meros olishi va boshqalarning merosdagi nasibalarini buzib yuborishi mumkin. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ushbu hadisda unday odamga Alloh taoloning la’nati uzilmay yetib turishini ta’kidlab aytmoqdalar. Qiyomatda esa qilganiga yarasha jazosini oladi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!