RAMAZONDA QUYOSH TUTILSA, IMOM MAHDIY CHIQADIMI?

ID: 1369

02.07.2025

269

Savol:

Bu yilgi Ramazon oyida quyosh tutildi. Shunga Ramazon oyida quyosh tutilsa, imom Mahdiy chiqishining alomati bo‘ladi degan ma’nodagi hadislarni tarqatishmoqda. Shu ma’noda hadislar bormi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim. Yo‘q, bu ma’noda ishonchli birorta ham hadis yo‘q. Balki bu borada keltirilgan rivoyat to‘qima bo‘lib, uni rivoyat qilish yoki tarqatish mutlaqo joiz emas. Faqatgina uning to‘qima rivoyat ekanini aytib, ogohlantirish maqsadida rivoyat qilinsa, joiz. Ushbu to‘qima rivoyat quyidagicha sanad ila kelgan: حدثنا أبو سعيد الاصطخري ثنا محمد بن عبد الله بن نوفل ثنا عبيد بن يعيش ثنا يونس بن بكير عن عمرو بن شمر عن جابر عن محمد بن علي قال: "إن لمهدينا آيتين لم تكونا منذ خلق السماوات والأرض تنكسف القمر لأول ليلة من رمضان وتنكسف الشمس في النصف منه ولم تكونا منذ خلق الله السماوات والأرض" Doraqutniy aytadilar: Bizga Abu Said Astaxriy hadis aytdi, unga Muhammad ibn Abdulloh ibn Navfal hadis aytdi. Unga Ubayd ibn Yaish hadis aytdi. Unga Yunus ibn Bukayr Amr ibn Shamrdan, u Jobirdan, u Muhammad ibn Alidan rivoyat qiladi: Muhammad ibn Ali aytadi: “Mahdiyimizning ikki belgisi bor bo‘lib, ushbu belgi yeru osmon yaratilganidan beri hali yuzaga kelgani yo‘q: Ramazonning avvalgi kechasi oy tutiladi, Ramazonning o‘rtasida quyosh tutiladi. Ushbu belgilar osmonlaru yer yaratilganidan beri hali sodir bo‘lmadi”. Bu rivoyatni imom Doraqutniy bir nechta roviylar orqali Muhammad ibn Hanafiyadan rivoyat qilib keltirgan. Ya’ni bu “hadis” deb aytilayotgan ma’lumot Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan emas, balki Muhammad ibn Hanafiyadan deb keltirishgan. Muhaddis ulamolar bu rivoyatni to‘qima va yolg‘on deyishgan. Uning sanadidagi Amr ibn Shamir hadis to‘qish bilan mashhur bo‘lgan “kazzob” – o‘ta yolg‘onchi kishi bo‘lgan. Ibn Hibbon ushbu roviy haqida: “U sahobalarni haqorat qiladigan rofiziy bo‘lib, ishonchli kishilarga to‘qima rivoyatlarni nisbat berish bilan tanilgan” degan. Undan tashqari Imom Buxoriy, Abu Hotim, Yahyo ibn Main, Hokim, Zahabiy kabi ko‘zga ko‘ringan muhaddislar mazkur rivoyat sanadidagi ayrim roviylarni qattiq tanqid qilib, ular ko‘p holatda uydirma yoki zaif hadislar rivoyat qilishlari, ular ishonchsiz ekanini ta’kidlaganlarini keltirishgan. Bundan tashqari imom Mahdiy chiqishi haqida kelgan hadislarning birortasida quyosh yoki oy tutilishi haqida gaplar aytilmagan. Shundan kelib chiqib, bu rivoyatni to‘qima ekaniga tanbih bermasdan tarqatish joiz emas. Shuni ham ta’kidlab o‘tish lozimki, hadis aytishda o‘ta ehtiyotkor bo‘lish lozim. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: مَنْ كَذَب عليَّ، فليتبوَّأ مقعده من النار “Kim menga nisbatan qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdan joyini olaversin!” dedilar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar