RAMAZONDA DAXSHATLI QICHQIRIQ BO‘LADIMI?

ID: 822

04.04.2025

48

Savol:

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqda diniy mazmundagi ovozli va video xabarlar tarqaldi. Unda, Ramazon oyi juma kuni boshlansa, 15-kunida dahshatli qichqiriq kelishi, katta talofat va o‘limlarga sabab bo‘lishi, faqat ba’zi duolarni aytganlar omon qolishi aytilgan. Buni hadis deb aytilgani ko‘pchilikni ikkilantirib qo‘ydi. Shu masalaga oydinlik kiritsangiz.

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Ijtimoiy tarmoqda keng tarqatilan ushbu rivoyat to‘qima va yolg‘on “hadis” hisoblanadi.

Ushbu to‘qima rivoyat matni: Ibn Mas’ud raziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “...Ramazonning o‘rtasida, Juma kunini tunida qattiq ovoz gumbirlash bo‘ladi. U gumbirlash shunchalik qattiq bo‘ladiki uxlayotganni uyg‘otib, tik turganni o‘tkizadi. Asir xotinlarni uylaridan chiqarur. Juma kechasida bo‘lur, o‘sha sanada ko‘p zilzilalar bo‘lur. O‘sha juma kuni bomdod namozini ado qilsanglar uyga kiringlar va eshiklarni qulflanglar. Derazalaringizni yopinglar, o‘zlaringizni esa o‘ranglar, quloqlaringizni to‘singlar. Qachon qichqiriqni his etsanglar Alloh taologa sajdaga yiqilinglar, va "Subhanal quddus", "Subhanal quddus", "Robbunal quddus" denglar. Kimiki bularni qilsa najot topur, kim agar shuni qilmasa halok bo‘ladi”, dedilar. (Nuaym ibn Hammod "Fitnalar" asarida rivoyat qilgan)

Mazkur rivoyatni muhaddis ulamolar Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamga nisbatan to‘qilganini ta’kidlashgan. Jumladan, bu haqda muhaddis olim Ibnul Javziy rahimahulloh “Mavzu’ot (to‘qima hadislar)” nomli kitoblarida: “Bu rivoyat to‘qima, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam nomidan so‘zlangan yolg‘ondir”, – deydilar. Imom Al-Uqayliy va Imom Zahabiy rahimahumalloh: “Bu gapning asli yo‘q, to‘qima”, – deganlar. Alloma Ibn Qayyim “Bu rivoyatlar ishonchsiz” ekanini aytib o‘tgan. Ushbu ulamolar mazkur to‘qima rivoyatning sanadida Payg‘ambar alayhissalomga hadis to‘qish bilan tanilgan roviylar borligini ta’kidlab, undan ogohlantirishgan.

Buning ustiga, Payg‘ambarimiz alayhissalomning davrlaridan beri o‘tgan 1400 yildan ortiq muddatda Ramazonning juma kuni boshlanishi va 15- kuni ham jumaga to‘g‘ri kelishi juda ko‘p kuzatilgan, lekin voqe’likda yuqorida aytilgan gaplar, dahshatlar yuzaga kelmagan. Shuning uchun ham tarqalayotgan bunday so‘zlar yolg‘ondir.

Yolg‘on so‘zlash yoki yolg‘on guvohlik berish dinimizda katta gunohlardan hisoblanadi. Xususan, Alloh va Uning Rasuliga yolg‘on to‘qish ulkan falokatdir. Bu haqida esa Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deydi qilgan:

وَمَنْ أَظْلَمُ مِمَّنِ افْتَرَى عَلَى اللّهِ كَذِبًا أُوْلَئِكَ يُعْرَضُونَ عَلَى رَبِّهِمْ وَيَقُولُ الأَشْهَادُ هَؤُلاء الَّذِينَ كَذَبُواْ عَلَى رَبِّهِمْ أَلاَ لَعْنَةُ اللّهِ عَلَى الظَّالِمِينَ۝

ya’ni: “Allohga nisbatan yolg‘on to‘qigan kimsadan ko‘ra zolimroq kim bor? Ana o‘shalar Robblariga ro‘baro‘ qilinurlar va guvohlar ayturlar: «Manavilar Robblariga nisbatan yolg‘on gapirganlardir. Ogoh bo‘lingkim, Allohning la’nati zolimlargadir” (Hud surasi 18-oyat).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham u zotning nomidan yolg‘on gapirish oqibatlaridan ogoh etadilar va shunday deydilar: “Kim menga qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdan o‘z o‘rnini tayyorlayversin” (Imom Buxoriy va Imom Termiziy Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhudan rivoyat qilishgan).

Odamlardan eshitgan narsasini surishtirmay gapiraverish gunoh ekaniga Payg‘ambarimiz alayhissalomning quyidagi so‘zlari yaqqol dalil hisoblanadi:

كَفَى بِالْمَرْءِ إِثْمًا أَنْ يُحَدِّثَ بِكُلِّ مَا سَمِعَ (رَوَاهُ الامَامُ مُسْلِمٌ وَالامَامُ أَبُو دَاوُدَ عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya’ni: “Har bir eshitgan gapini gapiraverish, kishining gunohkor bo‘lishi uchun yetarlidir!” (Imom Muslim va Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Xulosa shuki, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytmagan gapni u zotdan, deb naql qilish, uni haqiqatini bilmay ko‘r-ko‘rona tarqatish insonni do‘zax tomonga yetaklovchi amaldir. Bunday yo‘l tutishdan nihoyatda ehtiyot bo‘lish kerak. Tavfiq Allohdandir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar