RAMAZON RO‘ZASINI BIR NECHA MARTA QASDDAN OCHIB QO‘YISH

ID: 61

04.04.2025

198

Savol:

Ramazonda ro‘za tutgan kunlarimda ko‘pincha ovqat yeb ro‘zamni ochib yuborganman. Bularning kafforati qanday bo‘ladi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Ramazon oyida ro‘zador inson ro‘za ekanligi esida turgan holda ro‘zasini ochib yuborsa, zimmasiga qazo va kafforat lozim bo‘ladi. Agar ochib yuborish holati ko‘p marta sodir bo‘lgan bo‘lsa, ulamolar ularning kafforatini ikki turga bo‘lganlar. Biri yeb-ichish orqali ro‘zani buzish, ikkinchisi jinsiy yaqinlik qilish orqali buzish.

Agar bir Ramazonda yoki bir necha Ramazonda qasdan yeb-ichish orqali ro‘zani buzgan bo‘lsa va birortasiga ham kafforat to‘lamagan bo‘lsa, barchasi uchun bir marta kafforat to‘lash kifoya qiladi.

Agar bir Ramazonda bir necha marta jinsiy yaqinlik orqali ro‘zani buzgan bo‘lsa, barchasi uchun bir kafforat kifoya qiladi. Agar bir necha Ramazonda jinsiy yaqinlik qilish sababli ro‘zasini buzgan bo‘lsa, har biri uchun alohida-alohida kafforat to‘laydi. Bu ma’no “Raddul muhtor”, “Bahrur roiq” “Badoi’us sanoi’” kabi ko‘plab fiqhiy manbalarda keltirilgan. Jumladan “Badoi’us sanoi’” kitobida shunday deyilgan:

ولو جامع في رمضان متعمداً مراراً بأن جامع في يوم ثم جامع في اليوم الثاني ثم في الثالث ولم يكفر فعليه لجميع ذلك كله كفارة واحدة عندنا، ولو جامع في رمضانين ولم يكفر للأول فعليه لكل جماع كفارة في ظاهر الرواية، 

“Agar ro‘zador shaxs Ramazonda bir kuni qasdan jinsiy yaqinlik qilsa, ikkinchi kuni yana shunday qilsa, uchinchi kuni yana shunday qilib, bir necha marta yaqinlik qilish sababli ro‘zasini buzsa, bizning nazdimizda barchasi uchun bitta kafforat kifoya qiladi. Agar ikkita Ramazonda yaqinlik qilib qo‘ygan bo‘lsa va birinchisiga kafforat to‘lamagan bo‘lsa, Zohirur rivoyaga ko‘ra har bir yaqinlik uchun alohida-alohida kafforat to‘laydi”.

Eslatib o‘tamizki, yuqorida fiqhiy masalaning javobi bayon qilindi, lekin zinhor bir nechta ro‘zani buzganga bitta kafforat ekan, deb qasddan ro‘zani buzishga jur’at etmaslik kerak. Chunki bunday qilish dinga bepisandlik va katta gunoh bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar