RAMAZON OYIDA KASALLIK XURUJ QILIB QOLSA

ID: 327

04.04.2025

40

Savol:

Har yili Ramazon oyida ro‘za tutaman deb niyat qilaman, ammo hech tutolmayman. Kasalligim xuruj qilib qolaveradi. Qanday tutishni tavsiya qilasiz, bu yil ham tutaman deb niyat qilganman lekin yana dori ichmoqdaman. Nima qilsam bo‘ladi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Hamma kasalliklar ham ro‘za tutmaslikka uzr bo‘lmaydi. Bu mavzuda "Fatovoi hindiya" kitobida shunday deyiladi:

( وَمِنْهَا الْمَرَضُ ) الْمَرِيضُ إذَا خَافَ عَلَى نَفْسِهِ التَّلَفَ أَوْ ذَهَابَ عُضْوٍ يُفْطِرُ بِالْإِجْمَاعِ ، وَإِنْ خَافَ زِيَادَةَ الْعِلَّةِ وَامْتِدَادَهَا فَكَذَلِكَ عِنْدَنَا ، وَعَلَيْهِ الْقَضَاءُ إذَا أَفْطَرَ كَذَا فِي الْمُحِيطِ . ثُمَّ مَعْرِفَةُ ذَلِكَ بِاجْتِهَادِ الْمَرِيضِ وَالِاجْتِهَادُ غَيْرُ مُجَرَّدِ الْوَهْمِ بَلْ هُوَ غَلَبَةُ ظَنٍّ عَنْ أَمَارَةٍ أَوْ تَجْرِبَةٍ أَوْ بِإِخْبَارِ طَبِيبٍ مُسْلِمٍ غَيْرِ ظَاهِرِ الْفِسْقِ كَذَا فِي فَتْحِ الْقَدِيرِ .

"Ro‘za tutmaslikka uzr bo‘ladigan holatlardan biri kasallikdir. Kasal kishi joniga yoki biror a’zosiga talofat yetishidan xavf qilsa, ulamolar ijmosiga ko‘ra, og‘zini ochadi. Agar kasallik ziyoda bo‘lishi yoki (tuzalishi) cho‘zilib ketadigan bo‘lsa ham, bizni mazhabimizda masala yuqoridagi kabi. (Mana shunday ro‘zador kasallar) og‘iz ochsa, qazo vojib bo‘ladi (kafforat emas).

Ro‘zani ochishni muboh qiladigan kasalliklar bemorning o‘z fikri bilan bo‘ladi. Bemorning fikri esa faqat taxmin-gumonlardan iborat bo‘lmaydi. Balki u alomatlar, tajribalar yoki fisqi zohir bo‘lmagan musulmon tabibning xabar berishiga tayangan ustun gumon (g‘alabatuz-zon) bo‘ladi" ("Fatovo hindiya" kitobi).

U kishi tuzalganidan keyin ro‘zaning qazosini tutib beradi. Tuzalishidan umid bo‘lmasa, ro‘zaning fidyasini beradi. Bemor kishi ro‘za tutish masalasida dinu diyonatdan xabari bor, mohir shifokor yoki tabib bilan maslahat qilib, uning ko‘rsatmasiga amal qilishlari kerak.

Ramazongacha yaxshi davolanib oling. Keyin ramazonda yaxshi niyat bilan Alloh taolodan madad so‘rab ro‘zani tutib ko‘ring. Dorilarni saharlik va iftorlik paytlarida ichib turing. Shu yo‘sinda tuta olsangiz juda yaxshi. Agar yana kasalingiz xuruj qilsa, ro‘za tuta olmasangiz. Tuzalganingizdan keyin qolib ketgan kunlarni tutib berasiz.

Lekin shuni bilish kerakki, ro‘za tutishga xalal bermaydigan kasalliklarni sabab qilib ro‘za tutishdan qochmaslik kerak. Har bir aqlli, balog‘atga yetgan musulmon uchun Ramazon ro‘zasini tutish  – farzi ayndir. Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz”, deydi (Baqara surasi 183-oyat). Boshqa oyatda esa: “Bas, sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin”, deb buyuradi (Baqara surasi 185-oyat).

Albatta, ro‘za – islom dinining arkonlaridan biri, ulug‘ ibodat. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Islom besh narsa ustiga qurilgan: Allohdan o‘zga iloh yo‘q, deb guvohlik berish, namozni qoim qilish, zakotni berish, baytni haj qilish va Ramazon ro‘zasini tutish”, deganlar. (Muttafaqun alayh, Abdulloh ibn Umardan rivoyat qilingan). Boshqa hadisda esa: “Ramazon oyingizda ro‘za tutinglar”, deb buyurganlar. (Imom Termiziy Abu Umomadan rivoyat qilganlar).

Ramazon oyi – nafsni poklash, tavba qilish, katta-katta savoblarga ega bo‘lish mavsumidir. Bu oyda sababsiz tutilmagan bir kunlik ro‘zani boshqa oylarda har qancha tutilsa u savobni topa olmaydi. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday dedilar: “Kim ruxsatsiz va kasal bo‘lmay turib, Ramazonda biron kun ro‘za tutmasa, garchi bir umr ro‘za tutsa ham, o‘sha bir kunning qazosini o‘tay olmaydi” (Imom Termiziy rivoyatlari). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar