RAJ’IY TALOQ HAQIDA

ID: 234

04.04.2025

252

Savol:

O‘g‘lim ichib kelib kelinim bilan aytishib qoldi. Shunda jahl ustida “Bir taloqsan”, dedi. So‘ng bu ishidan juda afsus qildi, pushaymon bo‘ldi. Ko‘pni ko‘rgan, hayot tajribasiga ega yoshi ulug‘ qarindoshlarimizdan “Qayta nikoh o‘qitsa bo‘ladimi? Tartibi qanday”, deb maslahat so‘radik. Hajga borib kelgan, dinni yaxshi tushunadigan qarindoshimiz “Bir taloq aytgan bo‘lsa, iddasi tugamay yarashsa, qayta nikoh o‘qitishi shart emas”, dedi. Shu gap to‘g‘rimi? Agar qayta nikoh o‘qitish kerak bo‘lsa, tartibini tushuntirsangiz. Bizga bu borada qanday maslahat berasiz?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Taloq masalalari er-xotin birgalikda biror imom-domla huzurida, jonli majlisda hal etiladi. Chunki odatda er-xotinning gapi har-xil chiqib qoladi.

Agar o‘g‘lingiz oilasidagi holat siz aytgan tarzda bo‘lsa, “Bir taloqsan”, deyish bilan raj’iy taloq tushgan bo‘ladi. Bu holatda idda chiqmay turib, er xotiniga nikoh o‘qitmay qaytib olishi mumkin. Qaytib olishi er xotiniga “Senga qaytdim” yoki “Seni qaytib oldim” degan gapi bilan bo‘ladi. Xuddi shunday er-xotinning jinsiy aloqasi yoki unga olib boruvchi ishlar bilan ham qaytish (raj’at) yuzaga chiqadi.

Lekin shuni bilish kerakki, so‘z bilan yo amal bilan qaytish (raj’at) joiz degani, taloq tushmagan degani emas. Balki erkakning taloq borasida uchta imkoniyati bo‘ladi va shu imkoniyatlardan biri ketgan bo‘ladi.  Boin taloq qilinganda esa, xotiniga qaytmoqchi bo‘lgan kishi albatta, nikoh o‘qitib qaytadi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar