Rajab oyi, uning fazilati haqida ma’lumot bersangiz. Unda qanday ibodatlar qilinadi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Rajab oyi qamariy oylarning yettinchisi bo‘lib, urush harom qilingan ulug‘ oylardan biri hisoblanadi. Zero, “rajab” so‘zi lug‘atda “ulug‘lash”, “hurmat bajo keltirish” ma’nolarini anglatadi. Johiliyat davri arablari bu oyni ulug‘lagani va hurmatlagani bois shu nom bilan atalgan.
Sahobai kiromlar va ulardan keyingi salafi solihlarimiz Ramazon oyidan so‘ng tutgan ro‘zalarini qabul bo‘lishini Alloh taolodan so‘rashar edi. Rajab oyi kelganda esa, Ramazonga sog‘-salomat yetishni so‘rar edilar. Bu haqida Nabiy alayhissalomdan hadis ham rivoyat qilingan:
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ. قَالَ : كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا دَخَلَ رَجَبٌ قَالَ: "اللهُمَّ بَارِكْ لَنَا فِي رَجَبٍ، وَشَعْبَانَ، وَبَلِّغْنَا رَمَضَانَ" (رواه الإمام ابن عساكر والبيهقي)
ya’ni: Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rajab oyi kirsa, Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Ey Alloh! Rajab va Sha’bon oylarida bizga baraka bergin va Ramazon oyiga yetkazgin”, der edilar” (Imom Ibn Asokir va Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan).
Duoning o‘qilishi: “Allohumma baarik lanaa fiy Rajabin va Sha’bana va ballig‘naa Ramazona”.
Mashhur tobeinlardan bo‘lgan Abu Qiloba rahimahulloh Rajab oyi fazilati haqida shunday degan:
عن عَامِرِ بْنِ شِبْلٍ رضي الله عنه، قَالَ: سَمِعْتُ أَبَا قِلابَةَ رضي الله عنه، يَقُولُ: "فِي الْجَنَّةِ قَصْرٌ لِصُوَّامِ رَجَبٍ" (رواه الإمام البيهقي).
ya’ni: Omir ibn Shibldan rivoyat qilinadi, Abu Qiloba raziyallohu anhudan eshitdim, u zot aytadilar: “Rajab oyida ro‘za tutuvchilar uchun jannatda bir qasr bor” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Mazkur hadisdan Rajab oyi boshqa oylardan fazilatli ekani, unda tutilgan nafl ro‘zalarning ajri ko‘paytirib berilishi ma’lum bo‘lmoqda. Shunday ekan, imkoni bor kishilar Rajab oyidan boshlab, nafl ro‘zalarni tutib, Ramazon ro‘zasiga o‘zlarini tayyorlab borishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bunda Rajab oyining muayyan kunini xoslamasdan, har kim o‘z kuch-quvvati va imkoniyatidan kelib chiqib ro‘za tutishlari mumkin. Lekin buning uchun muayyan kunni belgilab, ushbu ish shariat ko‘rsatmasi deb, odat qilib olish hamda bunga dalil sifatida turli to‘qima hadislarni rivoyat qilish to‘g‘ri emas. Ayniqsa, Rajab oyining yigirma yettinchi kechasida “Rag‘oib namozi”ni ado etish borasida naql qilingan hadislarning barchasi to‘qima bo‘lib, unga amal qilinmaydi. Chunki uning bid’at ekanini Ibn Nujaym, Ibn Obidin va Abdulhay Laknaviy kabi muhaqqiq ulamolarimiz tomonidan ochiq-oydin aytib o‘tilgan (manba: “Bahrur-roiq”, “Raddul Muhtor”, “al-Osorul marfu’a fil-axboril-mavzua” kitoblari).
Demak, biz Rajab oyidan Ramazon oyiga tayyorgarlikni boshlab, imkon boricha nafl namozlar, ro‘zalar, xayru ehson va shu kabi yaxshiliklarni ko‘paytirishimiz ayni muddao bo‘ladi. Rajab oyida ham boshqa oylarda bo‘lgani kabi nafl ro‘za va namozlar biror kunga belgilamasdan o‘qilaveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.