Javoblaringizda “Raddul muxtor” degan kitobdan ko‘p keltirasizlar. Shu kitobning nomi haqida so‘ramoqchi edim. U “Muxtor” degan olim yoki kitobga raddiya sifatida yozilganmi? Shunday deb eshitdim.
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Avvalo, berilayotgan javoblar va fiqhiy masalalarga qiziqishingiz bor ekanligidan xursandmiz. Alloh ziyoda qilsin. Bevosita savolingizga kelsak, mazkur kitobning nomi “Raddul muhtor”. Undagi “radd” so‘zi raddiya emas, balki qaytarish ma’nosidadir. Kitobning to‘liq nomini aytadigan bo‘lsak “Raddul muhtor alad Durril muxtor”. Ushbu kitob hanafiy mazhabining yetuk olimlaridan biri Alloma Muhammadamin ibn Obidiyn Shomiy qalamiga mansubdir. U “Durrul muxtor” kitobining hoshiyasi hisoblanadi. “Durrul muxtor” esa Alloma Tumurtoshiyning “Tanvirul absor” kitobiga sharhdir. Alloma Ibni Obidin Shomiy “Durrul muxtor” kitobi o‘ta mashhur va manfaatli kitob bo‘lgani uchun juda ko‘p insonlar unga qiziqib yuzlanishlarini, lekin o‘ta qisqa iboralar bilan juda ko‘p ma’nolarni ifoda etgani uchun aksariyat talabalar uning ma’nolarini anglay olmaganliklarini ta’kidlaydilar. Hamda talabalar shunday ajoyib kitobni tushuna olmaganliklari sabab tashlab ketmasliklari va unga qaytishlari uchun uni sharhlaganini aytadi. Kitobning nomi ham shundan kelib chiqqan. “Muhtor” so‘zi arab tilidan hayratda qolgan, lol qolgan, deb tarjima qilinadi. Demak, uning nomi “Tushunmay lol qolganlarni “Durrul muxtor”ga qaytarish” degan ma’noni anglatadi. U hoshiya tarzida yozilgani uchun “Hoshiyatu Ibn Obidiyn” ham deyiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.