Assalomu alaykum. Men davlat ishxonasida ishlayman, ertalabdan kechgacha ishda bo‘laman. Kunduzgi namozlarni uyga borib qazosini o‘qib olyapman. Ishxonada tahoratxona va namozxonalar yo‘q. Agar ishxonada o‘qimoqchi bo‘lsam, namozni qanday tartibda o‘qisam bo‘ladi va tahorat o‘rniga tayammum olsam bo‘ladimi?
Va alaykum assalom. Namozlarni o‘z vaqtida ado etish farz, ularni ish sababli qazo qilish durust emas. Ishxonada suv topish imkoni bo‘la turib, tayammum qilish joiz emas. Tahorat olishingiz shart. Buning uchun hojatxona yoki boshqa qulay joydan foydalanishga harakat qiling. Namoz o‘qish uchun esa alohida namozxona bo‘lishi shart emas. Biror toza joyning o‘zi kifoya qiladi. Siz har qanday holatda ham farzni vaqtida bajarishga jiddiy harakat qilishingiz lozim. Vallohu a’lam.