Ikki yoshga kirmagan sigirlarni qurbonlik qilish joizmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Qurbonlik hayvonlarining yoshi Payg‘ambarimiz alayhissalotu vassalomning so‘zlari bilan aniq bo‘lgan va tayinlangan (Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy rivoyatlari, Zahoyo bobi). Shunga ko‘ra, qamariy yil asosida tuya besh yosh, sigir ikki yosh, qo‘y va echki bir yoshga to‘lgan bo‘lishi shartdir. Faqat olti oylikdan o‘tgan qo‘zi jussali bo‘lib, bir yoshli qo‘ylarni ichiga qo‘shsa, ulardan farqlanmaydigan darajada bo‘lsa, qurbonlikka yaraydi (“Al-Hidoya” va “Muxtasarul Quduriy” kitoblari).
Albatta, qo‘ydagi istisno Payg‘ambarimiz alayhissalomning o‘zlari tomonidan aytilgan (Imom Muslim, Azohiy bobi).
Bu istisnoning faqat qo‘yga tegishli ekaniga jumhur ulamolar ittifoq qilishgan. Chunki qurbonlik ibodat bo‘lib, ibodatlarda ijtihod emas, balki dalillar asosdir. Dalili bor masalalarda esa aql yuritilmaydi.
Yuqoridagilarga binoan, tuya besh yosh va sigir ikki yoshga yetmagan bo‘lsa, ularni qurbonlik qilish joiz bo‘lmaydi. Ularga qo‘ydagi istisno tegishli emas. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.