USTOZNI HAQQINI BERISHDA OʻZI ROZI BOʻLISHI KERAKMI YOKI ULARNI AYTGANINI QILISHMI?

ID: 2426

06.09.2025

62

Savol:

Assalomu alaykum. 7 yil avval repititorda tayyorlanib tibbiyot kollejiga oʻqishga kirganman. Har oygi kursni pulini vaqtida toʻlaganmiz. Talaba boʻlganimni bilgan ustozim uyimizga yuz dollar talab qilib kelganlar. Men uylariga 50 dollar olib borsam, uni yuzimga otib, sendan rozi emasman, deb haydab chiqarganlar. Iltimos, menga batafsil javob berishingizni soʻrayman, hamon vijdonim qiynalib ustozni koʻrganimda yuzlariga qaray olmayapman.

Javob:

Fiqhga ko‘ra, har qanday moliyaviy munosabat o‘zaro kelishuv asosiga quriladi. Agar sizlar va ustozingiz orangizda, alohida ravishda "o‘qishga kirsangiz, qo‘shimcha 100 dollar berasiz" degan va’da bo‘lsa, bu va’daga vafo qilish lozim edi. Ammo, savolingiz mazmunidan bunday kelishuv bo‘lmagani, balki oylik to‘lovlar o‘z vaqtida qilib borilgani anglashiladi. Demak, siz shartnomadagi o‘z majburiyatingizni to‘liq bajargansiz. Ustozning o‘qishga kirganingizdan so‘ng qo‘shimcha pul talab qilishi shar’an uning haqqi emas, balki tamagirlikka kiradi. Uning siz bergan 50 dollarni yuzingizga otib, "rozi emasman" deyishi esa ustozlik maqomiga mutlaqo yarashmaydigan, axloqsiz bir ishdir.

Shunday ekan, vijdoningiz qiynalishiga aslo o‘rin yo‘q. Siz zimmangizdagi vazifani ado etgansiz, hattoki qo‘shimcha haq talab qilinganda ham hurmat yuzasidan ehson qilishga harakat qilgansiz. Ustozning noroziligi adolatsiz talabga asoslangani uchun Allohning huzurida e’tiborga ega emas. Aksincha, haqsiz ravishda pul talab qilgani va shogirdiga besabab aziyat bergani uchun ustozning o‘zi mas’ul bo‘ladi. Siz u kishini ko‘rganda o‘zingizni noqulay his qilish o‘rniga, haq tomonda ekaningizni bilib, xotirjam bo‘ling. Sizning ustoz oldida hech qanday moliyaviy yoki ma’naviy qarzingiz qolmagan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar