HIJOMANING FAZILATI

ID: 313

04.04.2025

81

Savol:

Hijoma haqida ma’lumot bersangiz. Aytishlaricha keraksiz qonlarni maxsus apparatda so‘rib olib, chiqarib tashlar ekan. Bu odatni sunnat deb aytishmoqda. Aytingchi, agar bu sunnat bo‘lsa ramazon oyida qilish shartmi? Ro‘zador odamga og‘irlik tushib qolmaydimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Hijomaning fazilati borasida ko‘plab sahih hadislar vorid bo‘lgan. Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom:

إن أمثل ما تداويتم به الحجامة

“Sizlarning eng yaxshi muolajangiz  — hijoma qildirishdir”, deganlar (Imom Termiziy “Shamoil”da rivoyat qilgan). Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

إن كان في شيء مما تداوون به خير ففي الحجامة

“Agar sizlar davolanayotgan ayrim narsalarda xayr bo‘ladigan bo‘lsa, bu hijomadadir”, deganlar (Imom Abu Dovud va Imom Ibn Mojalar rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlaridan va ikki kuraklari orasidan hijoma qildirganlar. Inson kasallik bezovta qilayotgan joydan yoki hojat bo‘lsa boshqa joyidan qon oldirishi mumkin.

Ro‘zador odam turli maqsadlarda qon topshirishi mumkin, bu ish bilan uning ro‘zasi ochilmaydi. Chunki ro‘za ichga kiruvchi narsalar sababli buziladi. Lekin ro‘zador qon topshirsa, zaiflashib qoladigan bo‘lsa, makruh bo‘ladi. Bu holatda qon topshirishni iftordan keyinga qoldirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar