QUYOSHDA ISIGAN SUVDAN FOYDALANISH MUMKINMI?

ID: 532

04.04.2025

105

Savol:

Quyoshda isigan suv bilan tahorat yoki g‘usl qilish mumkinmi? Ba’zilar quyoshda isigan suvni ishlatish badanga oqlik tushushiga sabab bo‘ladi deyapti. Shu to‘g‘rimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Quyoshda isigan suvni ishlatish borasida ulamolarimiz turli xil fikr bildirganlar. Ba’zilari bu suvni ishlatish makruh degan bo‘lsalar, ba’zilari makruh emas deganlar. Jumladan, "Bahrur roiq" kitobida bunday deyilgan:

وَيُكْرَهُ بِالْمَاءِ الْمُشْمِسِ

ya’ni: "Quyoshda isigan suv bilan tahorat qilish makruhdir". 

Mana shu ma’nodagi gap "Fathul qodir", "Me’rojud diroya", "Qunya" va boshqa fiqhiy kitoblarimizda ham kelgan.

Bu borada mashhur hanafiy mazhabimizdagi alloma Muhammad Amin Ibn Obidiyn rahmatullohi alayh shunday deganlar:

وَالظَّاهِرُ أَنَّهَا تَنْزِيهِيَّةٌ عِنْدَنَا 

ya’ni: "To‘g‘rirog‘i shuki, quyoshda isigan suv bilan tahorat qilish bizni mazhabimizda makruhi tanzihi (yengil makruh)dir".

Bu masalada "E’lous sunan" sohiblari Zafar Ahmad Usmoniy rahmatullohi alayh bunday deganlar:

الصحيح عندي أن هذه الكراهة طبية لا شرعية

ya’ni: "Quyoshda isigan suvdan foydalanish makruhligi meni nazdimda tibbiy tomondan, shariat nuqtai nazaridan emasdir".

Mazhabimizdagi mashhur, muhaqqiq alloma Mulla Ali Qori rahmatullohi alayh esa, "Mirqotul maqotih" kitoblarida quyoshda isigan suv ishlatilsa, badanga oqlik tushadi mazmunidagi rivoyatlarni dalillikka yaramasligini ta’kidlab, shunday xulosa qiladilar:

 أنه لا أصل لكراهته

ya’ni: "Quyoshda isigan suvni makruh deyishga asos yo‘q".

Quyoshda isigan suvni ishlatish borasida ulamolarimizning o‘rtalarida turli xil gaplar mavjudligi sababli, imkon qadar quyoshda isigan suvdan foydalanmaslikka harakat qilinadi, bordiyu zarurat bo‘lib, boshqa suv topilmaganda undan foydalanish mumkin bo‘ladi. Chunki ulamolar bir masalada turli xil fikrlarni aytgan bo‘lsalar, masala yengillashadi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar