QUYOSH YOKI OY TUTILGANDA NIMA QILINADI?

ID: 971

04.04.2025

747

Savol:

Quyosh yoki oy tutilganda musulmon kishi qanday yo‘l tutishi kerak?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Dinimizda Quyosh yoki oy tutilganda bu hodisa ibrat nazari bilan qarash lozimligi ta’kidlanadi va bu holatda nafl namoz o‘qish sunnat hisoblanadi. 

Quyosh tutilganda juma namozini o‘qib beradigan imom boshchiligida jamoat  bo‘lib, azon va takbirsiz nafl namoz o‘qiladi. Unda xohlagan suralarini maxfiy o‘qiydi, qiroatni uzun qilish afzal. Namozdan keyin toki quyosh ochilib ketguncha duo qilib turiladi. Agar masjidda imom hozir bo‘lmasa, odamlar yolg‘iz-yolg‘iz namoz o‘qiydilar.  Bu namozni uyda o‘qilsa ham yoki namoz o‘qimasdan bir joyda yig‘ilib faqat duo qilib turilsa ham joiz bo‘ladi. Quyosh ochilib ketgandan keyin bu namoz o‘qilmaydi. Quyoshning tutilishi shom paytiga to‘g‘ri kelsa avval shom namozi  o‘qiladi. Quyosh tutilishi janoza namozi bilan birga kelib qolsa, avval janoza o‘qiladi. Quyosh tutilishi namoz o‘qish mumkin bo‘lmagan paytga to‘g‘ri kelsa  u payt namoz o‘qilmaydi. (“Fatavoi Hindiya” kitobi). 

Quyosh tutilganda namoz o‘qish haqida Abu Bakra raziyallohu anhudan quyidagi hadis rivoyat qilingan:

خسفت الشمس على عهد رسول الله صلى الله عليه و سلم فخرج يجر رداءه حتى انتهى إلى المسجد وثاب الناس إليه فصلى بهم ركعتين فانجلت الشمس فقال ( إن الشمس والقمر آيتان من آيات الله وإنهما لا يخسفان لموت أحد وإذا كان ذاك فصلوا وادعوا حتى يكشف ما بكم ) رواه الامام البخاري)

ya’ni: “Payg‘ambar alayhissalom davrlarida Quyosh tutildi. U Zot rido (ust kiyim)larini sudrab (ya’ni, shoshilib) masjidga keldilar. Odamlarni namozga chaqirib, ularga ikki rakatli namozda imomlik qildilar. Shundan keyin quyosh ochilib ketdi.

 Payg‘ambarmiz sallallohu alayhi vasallam: “Quyosh va oy Alloh taoloning oyat mo‘jizalaridandir. Ular biror kishining o‘limi sabab tutilmaydi. Agar ular tutilsa, toki ochilib ketgancha namoz o‘qinglar va duo qilinglar”, - dedilar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Odamlar Payg‘ambar alayhissalomning o‘g‘illari Ibrohim (o‘ninchi hijriy yilda 18 oylik bo‘lganda) vafot etgani uchun Quyosh tutildi deganlarida bu so‘zni javoban aytgan edilar.

  Oy tutilganda ham xuddi yuqoridagi kabi namoz o‘qish mumkin. Faqat uni hamma yolg‘iz o‘zi o‘qiydi.

Bundan tashqari qattiq shamol turganda, haddan ziyod ko‘p yomg‘ir va qor yoqqanda, ommaviy kasallik tarqaganda, zilzilalar, dushman xavfi bo‘lganda, xuddi mana shunday namoz (ya’ni, najot so‘rab) o‘qish joiz. “Badoi’us sanoi’” kitobida uni o‘z manzillarida o‘qiydilar, deyilgan (“Fatavoi Hindiya” kitobi). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar