QUYON GO‘SHTI HALOLMI?

ID: 375

04.04.2025

4

Savol:

Quyon go‘shtini yeyish mumkinmi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Quyon dinimizda go‘shti halol qilingan hayvonlar sirasiga kiradi. Chunki Rasululloh sallallohu alayhi vasallam uni tanavvul qilganlari manbalarda keltirilgan.

عن أنس بن مالك ـ رضى الله عنه ـ قَال: أَنْفَجْنَا ـ أي أَثَرْنا وَنَفَّرْنَا ـ أرنبًا بمرِّ الظهران فسعى القوم عليها فلغبوا ـ تعبوا وعجزوا ـ فأدركْتها فأخذْتها وأتيت بها أبا طلحة، فذبحها وبعث إلى النبي ـ صلى الله عليه وسلم ـ بِوَرِكِهَا وفخْذها فَقَبِلَهُ. (رواه الإمام البخاري)

Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi: “Biz bir quyonning iziga tushdik. Odamlar tuta olmasdan, charchashib, ketib qolishdi. Men poylab o‘tirib, uni tutib olib, otam Abu Talhaning oldiga olib keldim. Otam uni so‘yib, bir sonini Payg‘ambar alayhissalomga mendan berib yubordilar. U zot uni qabul qilib oldilar", — deganlar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Shuning uchun ham Imom Abu Hanifa, Molik, Shofe’iy va Ahmad rahimahumulohlar kabi Ahli sunna mazhabboshilarining barchalari quyon go‘shtini yeyishni halol, deyishgan. Shuningdek, fiqhiy manbalarimizdan "Muxtasar al-Viqoya” kitobida:

وَ حَلَّ الْأَرْنَبُ مَعَ الذَّكَاةِ 

“Quyon “bismilloh” aytib so‘yish bilan halol bo‘ladi”, deyilgan.

Lekin shunga qaramay keyingi paytlarda Ahli sunna ulamolari deyarli ittifoq qilishgan ushbu masala haqida ko‘plab savollar tug‘ilyapti. Haqiqatan ham to‘rt mazhabboshi imomlardan boshqa ayrim ulamolar quyon go‘shtini makruh deyishgan va ular o‘z so‘zlariga quyidagi hadisni dalil qilib keltirishgan:

عن خزيمة بن جزء ـ رضي الله عنه ـ قال: قلت: يا رسول الله ما تقول في الأرنب؟ قال ـ صلى الله عليه وسلم ـ لا آكله ولا أُحَرِّمه” قال: فقلت: ولم يا رسول الله؟ قال ” إني أحسب أنها تَدْمِى” أي تَحيض

Xuzayma ibn Jaz raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Men, yo Rasulalloh, quyon borasida nima deysiz?" dedim. Shunda U Zot: "Men yemayman ham harom qilmayman ham", dedilar. Shunda men: "Nima uchun, yo Rasulalloh?" dedim. U Zot: "Uni qon ko‘radi, deb hisoblayman", dedilar. Ya’ni, hayz ko‘radi".

Bu hadisga bir necha tomondan javob berish mumkin. Birinchidan, ushbu hadisda Payg‘ambar alayhissalom faqat o‘zlari iste’mol qila olmasliklarini bayon qilmoqdalar va uni ummatlariga taqiqlamayaptilar. Ikkinchidan, bu yerda yemayman, degan bo‘lsalar, boshqa o‘rinda ularni hadya qilib berilgan pishirilgan quyon go‘shtini qabul qilganliklari keltiriladi. Yana bir hadisda esa yeyishga buyurganlari kelgan:

عن محمد بن صفوان أنه صاد أرنبين فذبحهما بمَرْوَتَيْن ـ حَجَرَيْن لهما حدٌّ ـ وأتي النبي ـ صلى الله عليه وسلم ـ فأمره بأكْلهما. (رواه أحمد والنسائي)

Muhammad ibn Safvon raziyallohu anhu ikkita quyonni ovlab, o‘tkir tig‘li tosh bilan so‘ydilar va Payg‘ambar alayhissalomga keltirdilar. Va u Zot yeyishga buyurdilar. (Imom Ahmad va Nasoiylar rivoyatlari).

Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, quyon Alloh taolo biz bandalarga halol qilgan ko‘plab hayvonlar qatoriga kirar ekan. Bu boradagi ma’lumotlarni to‘liq va atroflicha o‘rganmasdan turib, hukm berish, Alloh va Rasuli nomidan ilmsiz gapirishga kirib qoladi. Qolaversa, halolni harom deyish yoki haromni halol deyish naqadar og‘ir gunoh ekanligi har birimizga ayon. Shuning uchun ham shariat hukmlarini bayon qilishda doimo ehtiyot bo‘lish kerak. Vallohu a’lam.  

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar