Biz kelgan ushbu hududda quyosh kech botib, tunlari yorug‘ o‘tar ekan. Bizga berishgan taqvim bo‘yicha iftorlik vaqtida quyosh hali botmagan bo‘lyapti. Endi biz shu taqvimga ko‘ra amal kilib, quyosh botishidan avval iftorlik qilib so‘ng Shom namozini o‘qisak bo‘ladimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Qutb mintaqalari deb, olti oy kunduz va olti oy kecha davom etadigan joylarni aytiladi. Yana shunday joylar ham borki, u yerlarda xufton vaqti topilmaydi. Ya’ni, qizil shafaq yo‘qolishi bilan darhol tong otadi. Misr “Dorul ifto” fatvo markazi esa kunduzi 18 soatdan ko‘p bo‘ladigan joylarni ham qutb mintaqalariga qo‘shganlar.
Ba’zi hanafiy ulamolarimiz vaqti topilmagan namoz zimmadan soqit bo‘lishini aytishgan. Lekin mo‘tabar manbalarimizdan "Raddul muhtor"da ushbu gap zaif ekani, aslida vaqti topilmagan namozlar bandaning zimmasidan soqit bo‘lmasligi ta’kidlangan. U namozlarga vaqt belgilab olinadi: olti oy davom etadigan kunduzda shom, xufton, vitr, tongni belgilab olinadi. Olti oy davom etadigan tunda esa, tong, peshin va asrning vaqti belgilab olinadi. Bu vaqtlarni belgilashda qutbdan tashqarida bo‘lgan eng yaqin, besh vaqt namoz vaqtlari topiladigan joylarni e’tiborga olinadi.
Ulamolarimiz bu gaplariga Dajjol haqidagi hadisni dalil qiladilar. Unda Payg‘ambarimiz alayhissalom vaqt belgilab olishni buyurgan edilar. Imom Muslim rivoyat qiladilar:
ذَكَرَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الدَّجَّال وَلُبْثَهُ فِي الأَْرْضِ أَرْبَعِينَ يَوْمًا : يَوْمٌ كَسَنَةٍ ، وَيَوْمٌ كَشَهْرٍ ، وَيَوْمٌ كَجُمُعَةٍ ، وَسَائِرُ أَيَّامِهِ كَأَيَّامِكُمْ . قَال الرَّاوِي : قُلْنَا يَا رَسُول اللَّهِ ، أَرَأَيْتَ الْيَوْمَ الَّذِي كَالسَّنَةِ ، أَتَكْفِينَا فِيهِ صَلاَةُ يَوْمٍ ؟ قَال : لاَ ، وَلَكِنِ اقْدُرُوا لَهُ
“Payg‘ambar alayhissalom Dajjol haqida va uning yerda qolish muddati qirq kun, ekanini zikr qildilar. Bir kuni bir yildek, bir kuni bir oydek, bir kuni bir juma (hafta)dek, qolgan kunlari sizning kunlaringizdek", dedilar. Roviy aytadi: “Yo Rasululloh! Bir yildek o‘tadigan kunda bir kunlik namoz bizga kifoya qiladimi?” – dedik. U Zot: “Yo‘q, lekin u kun uchun (namoz vaqtlarini) belgilab olinglar”, — dedilar. Ya’ni, bir yilga o‘xshagan kunda bir yillik namozni o‘qinglar, har bir namozning vaqtini belgilab olinglar.
Xulosa shuki, hamma namoz vaqtlari topilmaydigan joylarda yashovchi musulmonlar atrofidagi barcha namoz vaqtlari topiladigan joylarning vaqtini oladilar. Olingan vaqtdan tong otishi va kun botishini bilib, ro‘za tutishda foydalanadilar. Vallohu a’lam. Manba: "Mavsuatul fiqhiya", “Raddul Muhtor".
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.