Koronavirus yurtimizdan tezroq ko‘tarilib ketishi uchun ba’zilar jamoaviy o‘zaro kelishib, Qur’onni xatm qilish tashabbusi bilan chiqishdi va ko‘ngillilar tomonidan Qur’oni karim bir necha marta xatm qilindi. Shu ish dinimizda qanday asosga ega? Umuman olganda Qur’oni karimni o‘zaro bo‘lishib, jamoaviy tarzda xatm qilish joizmi? Ba’zilar bu ish avvalda salafi solihlarda bo‘lmagan, bid’at ish, deyishmoqda.
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Qur’oni karimni taqsimlagan holda xatm qilish salafi solihlar davridan bo‘lgan amal sanaladi. Buni hech bir ahli ilm munkar ish sanalmagan. Imom Navaviy rahimahulloh o‘zlarining mashhur asarlaridan biri “At-Tibyon” nomli kitoblarida shunday deydilar:
فصل في الإدارة بالقرآن : وهو أن يجتمع جماعة يقرأ بعضهم عشرا أو جزءا أو غير ذلك ثم يسكت ويقرأ الآخر من حيث انتهى الأول ثم يقرأ الآخر وهذا جائز حسن وقد سئل مالك رحمه الله تعالى عنه فقال لا بأس به.
ya’ni: “Qur’onni aylana shaklda o‘qish haqidagi fasl: bu bir jamoa to‘planib, ulardan biri Qur’onni o‘ndan birini yoki bir porasini yoki boshqacha miqdorini o‘qiydi va jim bo‘ladi. Keyin ikkinchi kishi birinchisi to‘xtagan joydan boshlab o‘qiydi. Bu ish joiz va yaxshi ishdir. Imom Molik rahimahulloh bu haqida so‘ralganlarida “buni zarari yo‘q”, deb javob berganlar” (“At-Tibyon fi odobi hamalatil Qur’on”).
Imom Molikning mazkur javoblarini Molikiy mazhabining yetuk olimlaridan biri Alloma Soviy ham o‘zining “Sharhus sog‘iyrga yozgan hoshiya”sida ham zikr qilib o‘tgan.
Qur’oni karimni juzlarga bo‘lib, o‘zaro tilovat qilishni bugungi kundagi har narsani bid’at va xurofotga chiqaradigan toifalar qattiq hurmat qiladigan Shayxul Islom Ibn Taymiya ham mashru’ ekanini ta’kidlab o‘tgan. Jumladan bu masala yuzasidan shunday degan:
"وقراءة الإدارة حسنة عند أكثر العلماء" (الفتاوى الكبرى 5/345)
ya’ni: “Qur’oni kaimni aylana tarzda o‘qish aksar ulamolar nazdida yaxshi ish sanaladi” (“Fatavo al-kubro” kitobi 5-juz, 345-bet).
Qur’oni Karimni xatm qilgan chog‘da duo qilishga kelsak, sahobai kiromlar va ulardan keyingi salafi solihlarning sunnatlaridir. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U (qori) uchun xatmi Qur’on chog‘ida mustajob bo‘ladigan duo va jannatda daraxt bor», dedilar» (Imom Bayhaqiy rivoyatlari). Imron ibn Husoyn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qur’on o‘qib, u ila odamlardan so‘raydigan qavmlar kelmay turib, Qur’on o‘qib, u ila Allohdan so‘rab qolinglar», dedilar» (Imom Ahmad rivoyatlari).
Hakamdan rivoyat qilinadi: «Mujohid va Abda ibn Abu Luboba menga odam yuborishdi. Keyin: «Biz Qur’onni xatm qilmoqchi edik, shunga senga odam yubordik. Xatmi Qur’on chog‘ida duo mustajob bo‘ladi, deyilar edi», deyishdi. Ular Qur’onni xatm qilgach, duolar qilishdi» Imom Bayhaqiy va Imom Dorimiy sahih sanad bilan rivoyat qilishgan).
Muhammad ibn Zurays «Qur’on fazilatlari»da Ibrohim Taymiydan quyidagicha rivoyat qiladi: «Abdulloh ibn Mas’ud: «Kim Qur’onni xatm qilsa, uning uchun mustajob duo bordir», derdi. Abdulloh o‘zi qachon Qur’on xatm qilsa, ahli oilasini to‘plab, duo qilar, ular «Omin!» deb turishar edi».
Alamuddin Saxoviy rahimahulloh: «Duoning barakoti ko‘p, foydalari qamrovlidir, xususan, xatmi Qur’on chog‘ida rahmat nozil bo‘lib turgan paytda bo‘lsa», deganlar.
Demak, Qur’on xatm qilganda duo qilishni shaxsan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari tavsiya etgan, sunnat qilgan ekanlar va sahobalardan tortib, barcha ulug‘ imomlar bu sunnatga amal qilib kelishgan ekan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.