QUR’ONI KARIMDA ZIKR QILINGAN DININI SOTUVCHILAR KIMLAR?

ID: 554

04.04.2025

32

Savol:

Qur’oni karimda dinining ba’zisini sotuvchilar haqida zikr qilingan ekan. Shular haqida malumot bersangiz.

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Ahli kitoblar dunyo matohini qo‘lga kiritish evaziga Alloh taoloning oyatlarini va hukmlarini o‘zgartirishgan. Bu bilan ular Allohning g‘azabiga duchor bo‘lishgan. Musulmonlar ham shunday jinoyatga yo‘l qo‘ymasliklari uchun Qur’oni karimning ko‘plab oyatlarida ularning mazkur qilmishlarini keskin tanqid qilib keltirgan. Jumladan: Oli Imron surasida shunday degan:

 إِنَّ الَّذِينَ يَشْتَرُونَ بِعَهْدِ اللَّهِ وَأَيْمَانِهِمْ ثَمَنًا قَلِيلًا أُولَئِكَ لَا خَلَاقَ لَهُمْ فِي الْآَخِرَةِ وَلَا يُكَلِّمُهُمُ اللَّهُ وَلَا يَنْظُرُ إِلَيْهِمْ يَوْمَ الْقِيَامَةِ وَلَا يُزَكِّيهِمْ وَلَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ 

"Allohga bergan ahdlari va qasamlarini ozgina bahoga almashtiradigan kimsalar uchun oxiratda hech qanday nasiba yo‘qdir. (Qiyomat kuni) Alloh ular bilan gaplashmaydi, ularga (rahmat nazari bilan) boqmaydi va ularni oqlamaydi ham. Ular uchun alamli azob bordir" (77-oyat).

Bu oyati karima Tavrot va Injil kitoblaridagi Payg‘ambarimiz alayhissalomga taalluqli oyatlarni hamda Alloh taoloning hukmlarini olib tashlagan yoki o‘zgartirgan ahli kitoblar haqida nozil bo‘lgan. Ular Muhammad alayhissalom payg‘ambar bo‘lib tanilmaslaridan oldin, agar u dunyoga kelsa, albatta, unga imon keltiramiz va yordam beramiz deb qasamyod etgan edilar.

Boshqa bir oyati karimada:

 وَإِذْ أَخَذَ اللَّهُ مِيثَاقَ الَّذِينَ أُوتُوا الْكِتَابَ لَتُبَيِّنُنَّهُ لِلنَّاسِ وَلَا تَكْتُمُونَهُ فَنَبَذُوهُ وَرَاءَ ظُهُورِهِمْ وَاشْتَرَوْا بِهِ ثَمَنًا قَلِيلًا فَبِئْسَ مَا يَشْتَرُونَ 

"Eslang, (ey, Muhammad!) Alloh ahli kitoblardan, uni (Tavrot va Injilni) odamlarga, albatta, aniq bayon qilasiz, uni (hech kimdan) sir tutmaysiz, deb ahd olgan edi. Lekin, ular uni (bergan va’dalarini) ortlariga uloqtirib, ozgina bahoga uni sotib yubordilar. Bu savdolari naqadar noxush!" (Oli Imron surasi, 187-oyat).

Alloh taoloning ushbu oyatlardagi xitobi garchi ahli kitoblarga qaratilgan bo‘lsada, diniy kitoblardagi barcha ma’lumotni dindorlarga to‘la holda yetkazishning zarurligi barcha Islom ulamolariga ham taalluqlidir. Shuning uchun Ulamolar Islom shariatining barcha ahkomlarini qanday bo‘lsa, shundayligicha yetkazishlari zimmalaridagi ulkan burchdir. Uni hargiz yashirib yoki o‘zgartirib odamlarni va o‘zlarini aldamasliklari lozim. Aks holda Qiyomat kunida alamli azobga duchor bo‘lishlari mumkin (Alloh saqlasin). Hadisi shariflardan birida Nabiy alayhissalom: "Kim bir ilmdan so‘ralsa-yu, u o‘shani yashirsa, Qiyomat kuni olovdan bo‘lgan yugan bilan yuganlanadi", deganlar (Imom Tabaroniy rivoyatlari). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar