Internetda Qur’oni karimda nechta sura va oyatlar bor degan savolga hamma har xil javoblar beryapti, manbaalari bilan, ya’ni 6666 ta, 6236 ta oyat va hokozalar. Aytingchi, oyatlar sonining qaysi biri to‘g‘ri?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Qur’oni karim oyatlarining soni borasida ulamolar turlicha fikr bildirishgan: Basra ulamolari 6204 ta, Makka ulamolari 6219 ta, Ko‘fa ulamolari 6236 ta, Shom ulamolari 6225 ta deyishgan. Ba’zi ulamolar bundan ham ko‘proq belgilashgan. Masalan, buyuk mufassir ajdodimiz Mahmud Zamaxshariy "Al-Kashshof" tafsirida Qur’oni karimda 114 ta sura, 6666 oyat, 77439 kalima va 325343 dona harf bor deb yozganlar. Bu masalada ko‘p mufassirlar Ko‘fa ulamolari fikrini yoqlashadi. Qur’oni karimning bugun tarqatilayotgan nusxalarida ham oyatlar soni 6236 ta belgilangan.
Qur’on oyatlari sonini belgilashda fikrlar farqli bo‘lishiga asosiy sabab qiroat ulamolariing to‘xtash (vaqf ) alomatini turli joyga qo‘yishgani sababdir. Chunki, Rasululloh sallollohu alayhi vasallam sahobalarga Qur’ondan ta’lim berayotib o‘qiganlarida oyat oxirida to‘xtash kerakligini bildiradigan darajada tin olardilar. Ma’no tugallanmagan bo‘lsa, goho keyingi oyatni ham qo‘shib o‘qirdilar. Tinglab o‘tirgan sahobalardan ayrimlari Payg‘ambarimiz sallolohu alayhi vasallam tin olgan joygacha bo‘lgan qismni bir oyat deb hisoblashsa, boshqalari ma’no tugallangunicha davom etgan qismni bir oyat deb bilishgan. Bundan tashqari ayrim suralarning boshida kelgan harflar birikmasini Ko‘fa olimlari alohida oyat deb aytishgan. Ularing fikricha (Toha), (Yosin), (Hamim) alohida oyat hisoblanadi. Boshqa olimlar ularni oyat emas, suralarning boshlanishi deb bilishgan.
Shuni alohida eslatib aytamizki, oyatlarning sanoqlaridagi farqlardan zinhor qo‘shimcha qo‘shilgan yoki kamaytirilgan degan fikr kelmasligi kerak. Yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek bu borada sanoqlar har xilligi ulamolarning vaqf alomatini qo‘yish, oyatlarni ajratish asoslari turlicha bo‘lganidandir.
Demak, Qur’on oyatlarining 6236 ta ekani ko‘pchilik ulamolar ittifoq qilgan sanoqdir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.