QURON YODLASH VA DUNYOVIY ILM OLISH

ID: 2170

25.08.2025

117

Savol:

Quronni yodlayotgan insonlar va dunyoviy ilm olayotgan insonlar haqida hadislarda va quronda nimalar deyilgan? Va qaysi biri ustunroq turadi?

Javob:

Islom dinida Qur’oni Karimni yod olish ham, ilm izlash ham ulug‘ fazilat sanaladi va har ikkisiga ham katta ajrlar va’da qilingan. Qur’on hofizlari Allohning xos bandalari va jannatda yuksak martabalarga erishuvchilar sifatida ko‘riladi. Hadisi shariflarda ular “insonlarning eng yaxshisi” deya ta’riflangan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Eng yaxshingiz – Qur’onni o‘rgangan va uni o‘rgatgan kishidir», deganlar. Shu bilan birga, ilm tolibining yo‘li jannat yo‘liga tenglashtirilgan, olimlar esa payg‘ambarlarning merosxo‘rlari deb ulug‘langan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim ilm talabi yo‘liga chiqsa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qiladi”, deb marhamat qilganlar. Yana bir hadisi sharifda Nabiy alayhissalom shunday deganlar: “Ulamolar Payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Payg‘ambarlar biror dinor yoki dirham meros qoldirmaganlar. Albatta, ular ilmni meros qoldirganlar. Kim uni oladigan bo‘lsa, katta nasibani olibdi”. Qur’oni Karim oyatlarida ham biladiganlar bilan bilmaydiganlar aslo teng emasligi, ilm ahlining darajasi baland ekani ko‘p bor ta’kidlanadi. Bu ikki amalning qay biri ustunroq degan savolga kelganda, ulamolar vaziyatga va shaxsning holatiga qarab javob berishadi. Umumiy qoida shuki, har bir musulmon uchun o‘ziga farz bo‘lgan ilmni o‘rganish, ya’ni farzi ayn ilm nafl hisoblangan amaldan, jumladan, butun Qur’onni yod olishdan muhimroq turadi. Masalan, tahorat, namoz ahkomlarini, o‘z kasbidagi halol va haromni bilish har bir inson uchun shart. Bu zaruriy bilimlarni egallamay turib, faqat Qur’on yodlashga kirishish to‘g‘ri sanalmaydi. Demak, birinchi o‘rinda shaxsning ibodatlari va hayoti uchun zarur bo‘lgan ilm turadi. Shu bilan birga, diniy ilmlarni chuqur o‘rganmoqchi bo‘lgan inson uchun Qur’onni yod olish poydevor vazifasini o‘taydi, chunki u barcha shar’iy bilimlarning asosiy manbaidir. Dunyoviy ilmlarni o‘rganish esa, agar niyat jamiyatga va musulmonlarga foyda keltirish bo‘lsa, ulkan ibodatga aylanadi va farzi kifoya darajasidagi amal sanaladi. Xulosa qilib aytganda, bu ikki yo‘lni bir-biriga zid qo‘yish mumkin emas. Eng mukammal yo‘l – avval o‘ziga kerakli ilmni olib, so‘ng Qur’onni yodlab, uning ma’nolarini o‘rganish va jamiyatga foydali bo‘lish uchun boshqa ilmlarni ham egallashdir. Eng asosiysi, har ikki amalda ham xolis niyat va Alloh roziligini istashdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar