QUR'ON YODLASH

ID: 4441

23.11.2025

105

Savol:

Yodlangan suralar esda qolmayapti nima qilsam bo'ladi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohim. Qur'oni karim bashariyatning hidoyati uchun nozil qilingan. Har bir musulmon Allohning Kalomini yodlash va amal qilishga intiladi. Hadislarda Qur'onni yod olgan kishiga ko'p mukofotlar va'da qilingan. Jumladan:

"خيركم من تعلم القرآن وعلمه" (رواه الامام البخاري عن عثمان رضي الله عنه)

ya'ni: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz Qur'onni o'rganib, uni boshqalarga ham o'rgatganlaringizdir”, deganlar (Imom Buxoriy Usmon raziyallohu anhudan rivoyat qilganlar).

Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur'onni o'qinglar, chunki u qiyomat kuni o'quvchilariga shafoatchi bo'ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyatlari).

Quyida Qur'onni oson va puxta yodlashning ayrim qoidalarini bayon qilamiz: 🔹 Avvalo, Qur'oni karimni yodlashdek muhim ishga kirishishdan oldin “Zehnimni o'tkir, xotiramni kuchli, tilimni burro qilgin”, – deb, Alloh taologa duo qiling. Chunki, Payg'ambarimiz alayhissalom ham biror muhim ishga kirishishdan oldin Alloh taolodan o'sha ishni oson va xayrli qilishini so'rab duo qilar edilar. 🔹 Qur'onni yodlashdan maqsadingiz va niyatingiz to'g'ri bo'lsin. Odamlarni oldida obro' orttirish, mol-dunyoga erishish uchun emas, balki, faqat Alloh taoloni roziligiga erishish uchungina Qur'on yodlashni maqsad qiling. Chunki, Alloh taolo xolis O'zi uchun bajarilgan amalni qabul qiladi va o'sha ishga baraka ato etadi. 🔹 Yodlash qobiliyatingiz va kun tartibingiz (bir kunda qancha vaqtni Qur'on yodlashga ajrata olishingiz)ga qarab, o'zingizga qulay reja tuzib oling va unga qat'iy amal qiling. 🔹 Bitta mushafdan yodlash va takror qilishga odatlaning. Shunda har bir sahifadagi oyatlarning joylashishi zehningizga o'rnashib, yodga kelishi oson bo'ladi. 🔹 Har kuni Qur'onning bir qismini tilovat qilishga odatlaning. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Amalning yaxshisi oz bo'lsa ham, davomli bo'lganidir”, deganlar (Muttafaqun alayh). 🔹 Yodlangan oyatlarni ustozning tekshiruvidan o'tkazing. Chunki Qur'onni o'zicha o'qib, yodlab, takrorlagan kishi xatosini bilmaydi. Ustozdan o'tkazgan kishining esa xatolari tuzatiladi va yodlaganlari mustahkamlanadi. 🔹 Uxlash vaqtini hamda ovqatlanish tartibini me'yorida bo'lishini nazorat qiling. Chunki, ko'p ovqat eyish uyquni keltiradi. Kam ovqat eyish esa quvvatni ketkazadi. 🔹 Kechalari Qur'onga qarab tilovat qiling. Zero, kechasi fikr ko'p chalg'imaydi, ixlos bilan tilovat qilish ham oyatlarning qalbdan mustahkam joy olishiga sabab bo'ladi. 🔹 Yod olishga qiynalgan yoki xato o'qilgan oyatlarning tagiga qalam bilan chizib qo'ying. Xatolar to'g'rilanganidan keyin chiziq o'chirib tashlanadi. Shuning uchun ham qorining alohida Qur'oni bo'lishi kerak. 🔹 Oyatlarning ma'nolarini bilish ham tez va puxta yodlash sabablaridandir. 🔹 Arab tili nahv qoidalarini bilish Qur'on o'quvchini ko'p xatolardan saqlaydi. Natijada, talaba oyatlarga harakatlarni to'g'ri qo'yib, erkin va ravon o'qiydigan bo'ladi. 🔹 Qur'on oyatlarini tafakkur qilish o'xshash oyatlarni bir-biriga chalkashtirib юborishdan saqlaydi. 🔹 Qur'on yodlash uchun munosib vaqtni tanlang. Sahar payti, shom bilan xufton namozlari oralig'i hamda zehn dunyoviy narsalar bilan mashg'ul bo'lmaydigan vaqtlar Qur'onni yod olish va takrorlash uchun qulay, fazilatli vaqtlar sanaladi. Alloh yanada biluvchi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar