QUR’ON TILOVATI, TASBEH VA SALOVAT HAQIDA

ID: 531

04.04.2025

85

Savol:

Hammamizga ma’lumki 3 vaqtda namoz o‘qib bo‘lmaydi: kun chiqayotganda, qiyom paytida va kun botayotganda. Mening savolim shuki bu hukm faqat namoz uchunmi yoki namozdan keyin o‘qiladigan tasbeh, salavot, Qur’on tilovati kabilar ham mumkin emasmi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Bu paytlarda namoz o‘qish, Qur’oni Karimdan sajda oyati o‘qilganda sajda qilish, janoza namozini shu vaqtga to‘g‘rilab o‘qish mumkin emas. Ammo shu kungi asr namozi kun botayotgan bo‘lsa ham ado etilaveradi.

Bu hukm namoz, tilovati sajda va janoza namoziga xos bo‘lib, bu vaqtlarda tasbeh, salovat aytish va Qur’on tilovat qilish mumkin.

عَنْ مُعَاذِ بْنِ أَنَسٍ الْجُهَنِيِّ: أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم  قَالَ: «مَنْ قَعَدَ فِى مُصَلَّاهُ حِينَ يَنْصَرِفُ مِنْ صَلَاةِ الصُّبْحِ حَتَّى يُسَبِّحَ رَكْعَتَيِ الضُّحَى، لَاَ يَقُولُ إِلَّا خَيْرًا، غُفِرَ لَهُ خَطَايَاهُ وَإِنْ كَانَتْ أَكْثَرَ مِنْ زَبَدِ الْبَحْرِ». رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ

Mu’oz ibn Anas al-Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

“Kim bomdod namozini o‘qib bo‘lganidan keyin namoz o‘qigan joyida to choshgoh namozini o‘qiguncha o‘tirsa, faqat yaxshilikdan boshqani gapirmagan bo‘lsa, uning xatolari agar dengiz ko‘pigidan ko‘p bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, dedilar. Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan.

Bu hadisdan ko‘rinib turibdiki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kishi bomdod namozini o‘qigandan so‘ng to choshgoh namozini o‘qiguncha yaxshilikdan boshqasini ya’ni zikr, tasbeh, istig‘for va Qur’on tilovatidan boshqasini gapirmasa gunohlari dengiz ko‘pigicha bo‘lsa ham kechirilishini xabarini bermoqdalar. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 

Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar