Ba’zi kishilar yurtimizda urf bo‘lgan ehson qilib, oxirida tilovati Qur’on qilish shariatda yo‘q, marhumlarga uni savobi yetmaydi, bu bid’at, faqat duo qilish mumkin, deyishmoqda. Shariatimizda bu haqida nima deyilgan?
Bismillahir Rohmanir Rohim. Imom Abu Hanifa, Imom Ahmad rahmatullohi alayhimo Qur’on tilovati kabi badaniy ibodatlarning savobi dunyodan o‘tganlarga yetadi, deganlar. Molikiy va Shofe'iy mazhabining keyingi asr ulamolari ham shu so‘zni ixtiyor qilganlar. Hanafiy mazhabining zabardast ulamolaridan Imom Abu Ja’far Tahoviy shunday deydilar:
وفي دعاء الاحياء وصدقاتهم منفعة للاموات
ya’ni: “Tiriklarning duo va sadaqalaridan o‘lganlarga manfaat bordir”, – deb keltiradilar. (“Al-Aqidatut Tahoviya” kitobi)
Zamondosh olimlardan doktor Said Abdullatif Favda mazkur jumla sharhida shunday yozadi:
قال ابن الحاج في «المدخل:» من أراد وصول قراءته بلا خلاف فليجعل ذلك دعاء بأن يقول:اللهم اجعل ثواب ما أقرأ إلى فلان
ya’ni: “Ibnul Hoj “Madxal” kitobida: “Kim qiroati hech xilofsiz (mayyitga) yetishini xohlasa, shu ishini “Ey, Alloh! Qiroatimning savobini falonchiga yetkazgin”, deb duoga aylantirsin”, - deydi” (“Ash-SHarhul kabir ala Aqida at-Tahoviya”). Yurtimizda urf bo‘lgan marosimlarda ham xuddi mana shunday yo‘l tutiladi va bu amal shar’an joiz hisoblanadi. “Sahihi Buxoriy”ga sharh yozgan hanafiy alloma Badriddin Ayniy shunday deydilar:
وروى أبو داود من حديث معقل بن يسار قال قال رسول الله اقرأوا يس على موتاكم وأخرجه النسائي وابن ماجه أيضا فالحديث يدل على أن الميت ينتفع بقراءة القرآن عنده وهو حجة على من قال إن الميت لا ينتفع بقراءة القرآن
ya’ni: “Imom Abu Dovud Ma’qal ibn YAsor raziyallohu anhudan rivoyat qiladi. U kishi aytdilar: “Rasululloh alayhissalom: “O‘liklaringizga “YAsin” surasini o‘qing”, — dedilar”. Bu hadisni Imom Nasoiy va Imom Ibn Moja ham rivoyat qilishgan. Qolaversa ushbu rivoyat mayyit yonida o‘qilgan Qur’ondan manfaat olishiga dalolat qiladi va “mayyit Qur’on qiroatidan manfaat ko‘rmaydi”, deganlarga qarshi hujjat bo‘ladi” (“Umdatul-qori” kitobi).
To‘g‘ri, dasturxon boshida Qur’on tilovati qilish shart, qilmasa bo‘lmaydi, gunoh bo‘ladi, deyilsa bu bid’atga aylanadi. Lekin biz unday e’tiqod qilmaymiz balki, bu ishni joiz va mandub deb bilamiz. Gohida dasturxon boshida qiroatni tark qilib, faqat duo bilan ham kifoyalanish mumkin, gunoh bo‘lmaydi, deymiz.
Sahobalar ichida qabri boshida Qur’on tilovat qilishni vasiyat qilib ketganlari bor edi. Chunki ular shu narsada mayyitga foyda borligini Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan eshitganlar. Abdurrahmon ibn Alo ibn Lajlajdan, u kishi otasidan rivoyat qiladi:
قَالَ لِي أَبِي: يَا بُنَيَّ، إِذَا أَنَا مُتُّ، فَأَلْحِدْنِي، فَإِذَا وَضَعْتَنِي فِي لَحْدِي، فَقُلْ: بِسْمِ اللهِ، وَعَلَى مِلَّةِ رَسُولِ اللهِ، ثُمَّ سِنَّ عَلَيَّ الثَّرَى سِنًّا، ثُمَّ اقْرَأْ عِنْدَ رَأْسِي بِفَاتِحَةِ الْبَقَرَةِ وَخَاتِمَتِهَا، فَإِنِّي سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ ذَلِكَ. رَوَاهُ الطَّبَرَانِيُّ.
ya’ni: “Otam menga: “Ey o‘g‘ilcham! Agar vafot etsam, meni lahadga qo‘ygin. Lahadimga qo‘yib bo‘lgach: «Bismillahi va ’ala millati Rasulillah», deb ustimga tuproq tortgin. Keyin bosh tomonimda Baqara surasining avvali va oxirini o‘qigin, chunki men Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning mana shunday deganlarini eshitganman”, – dedi” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Shuningdek, Imom Ibn Moja Payg‘ambarimiz alayhissalom o‘tganlar haqqiga "Fotiha" surasini o‘qishni buyurganlarini ham rivoyat qilgan.
Shuni ta’kidlab lozimki, qori Qur’onni xolis o‘qishi va unga biror ehson berilganda, Qur’on o‘qiganning haqqi deb emas, balki hadya sifatida olib, hadya beruvchining haqqiga duo qilishi maqsadga muvofiqdir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.