Assaalomu aleykim! Quron eshitilganda uni eshitish vojib amal degan ma'noda eshitgan edim. Bozor va shunga o'xshash joylarda Quronni audiosini qo'yib qoygan bo'lsa, uni eshitib oldidan o'tgan odam gunohkor bo'ladimi? Agar gunohkor bo'lsa, bundey xolatlarda nima qilish kerak?
Bismillahir Rohmanir Rohim. Qur’onni o‘qish ham uni tinglash ham eng afzal ibodatlardan. Alloh taolo bu borada O‘zining kalomida shunday marhamat qilgan: “Qur’on o‘qilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad (shunda) rahm qilingaysiz!” Namoz ilk farz qilinganda namoz ichida o‘zaro gaplashish joiz bo‘lgan. Ushbu oyati karima namozda gapirishni nasx (bekor) qilib, jim turib Qur’onga quloq solishga buyurgan. Ya’ni, xos sabab bilan nozil bo‘lgan. Lekin ulamolarimiz Lafzning umumiyligi e’tiborga olinadi, sababning xosligi emas” degan qoidaga ko‘ra, “uni tinglangiz va sukut saqlangiz” buyrug‘i namoz ichi va namozdan tashqariga barobar tegishlidir, deyishgan. Ibn Jazviy: “Ushbu oyatga ko‘ra, Qur’onga quloq soluvchiga rahmat nihoyatda yaqin bo‘ladi”, degan.Mazkur qoidalarga asosan, ulamolarimiz Qur’oni karim tilovat qilinganda unga jim turib, quloq osish vojibligi haqidagi hukmni chiqarganlar. Xususan, hanafiy mazhabi ulamolari namozda imom qiroat qilganida, iqtido qiluvchilar jim quloq osishi lozimligini alohida ta’kidlaganlar. Ibn Obidin (rahmatullohi alayh) aytadi: “Aslida, Qur’onga quloq solish farzi kifoyadir. Chunki bunda unga e’tibor qilish, zoye qilmaslik bo‘lgan haqni bajarish bor”. Hamaviy ustozi, qozilar qozisi Minqoriyzoda ismi bilan mashhur bo‘lgan Yahyo (rahmatullohi alayh)dan “Qur’onga quloq solish farzu ayndir”, degan so‘zni naql qilgan. Darhaqiqat, hanafiy ulamolarimiz bir insonning Qur’on tinglashi o‘zi qiroat qilishidan afzaldir, deyishadi. Chunki, tinglovchi tinglashi bilan farzni ado qiladi. Qur’on qiroati esa, farz emas. Abu Su’ud: “Qur’on tinglash qiroat qilishdan savobliroqdir, chunki tinglash farz, qiroat farz emas”, degan. Ba’zi ulamolar Qur’on tilovatiga quloq solmasdan boshqa gap-so‘zlar bilan mashg‘ul bo‘lish, shariatga nisbatan odobsizlik bo‘lishini aytishgan. Shu bilan birga, jumhur ulamolar Qur’onnig barcha tajvid va qiroat qoidalariga rioya qilinib o‘qilgan qiroatga jim quloq tutish lozimligini alohida ta’kidlaganlar. Savolda so‘ralgan holatga kelsak, yuqorida aytib o‘tilgan hukmlar qiroatni tinglashga atay hozirlik ko‘rib, unga beparvo bo‘layotganlar to‘g‘risidadir. Ammo yo‘l yo‘lakay, behosdan duch kelingan holatlarda, zarurat o‘rni bo‘lgani sababli, qiroat eshitilayotgan joydan o‘tib ketsa gunohkor bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsada, imkon qadar o‘zaro suhbatni to‘xtatib qiroatga quloq solib o‘tib ketish kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.