QUR'ON

ID: 2336

03.09.2025

54

Savol:

Qur'on o'qisa, ya'ni Qur'onni xatm qilsa gunohlari o'chiriladimi? Savob yozilishini, hasanot yozilishini bilaman, shu bilan birga gunohlari ham o'chiriladimi?

Javob:

Ha, albatta, Qur’oni karimni ixlos bilan o‘qish va xatm qilish ulkan savoblar bilan birga bandaning gunohlari kechirilishiga sabab bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: "...Albatta, yaxshiliklar yomonliklarni ketkazadi..." (Hud surasi, 114-oyat). Qur’on tilovati eng ulug‘ yaxshiliklardan va eng afzal ibodatlardan biridir. Shunday ekan, bu ulug‘ yaxshilik o‘zidan sodir bo‘lgan yomonliklarning, ya’ni gunohlarning o‘chirilishiga vasila bo‘ladi.

Bundan tashqari, Qur’on qiyomat kuni o‘z sohibiga shafoatchi bo‘lishi haqida sahih hadislar vorid bo‘lgan. Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ro‘za va Qur’on ikkisi Qiyomat kuni bandani shafoat qiladi: ro‘za: «Ey Robbim, men buni kunduzlari taom va shahvatlardan to‘sgan edim, uning haqida shafoatimni qabul qil», deydi. Qur’on: «Men uni kechalari uyqudan to‘sgan edim, uning haqida shafoatimni qabul qil», deydi. Bas, ikkovi ham shafoat qiladi», deganlar» (Imom Ahmad rivoyati). Shafoat esa bandani azobdan qutqarish va gunohlarini kechirilishini so‘rashdir. Demak, Qur’onni doimiy o‘qib yurgan va uni xatm qilgan kishi nafaqat ko‘plab ajr-savoblarga ega bo‘ladi, balki Allohning izni bilan gunohlariga kafforat topadi va oxiratda Qur’onning shafoatiga umid qilishi mumkin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar