QURBONLIK QILISHDAN AVVAL TAOMLANMASLIK

ID: 478

04.04.2025

36

Savol:

Qurbon hayiti kuni qurbonlik qilishdan avval biror narsa yemay turishning diniy asosi bormi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Qurbonlik qiladigan kishi qurbonlik qilishdan avval biror narsa yemay turishi Payg‘ambarimiz alayhissalomning muborak sunnatlaridir. Burayda raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi:

"كَانَ النَّبِيُّ صلَّى الله عليه وسلَّم لَا يَخْرُجُ يَوْمَ الفِطْرِ حَتَّى يَطْعَمَ، وَلَا يَطْعَمُ يَوْمَ الأَضْحَى حَتَّى يُصَلِّيَ" "وفي روايةٍ: "وَلَا يَطْعَمُ يَوْمَ النَّحْرِ حَتَّى يَذْبَحَ" وزاد أحمد وغيرُه: "فَيَأْكُلَ مِنْ أُضْحِيَتِهِ

“Nabiy sallallohu alayhi vasallam Ramazon hayiti kuni taom yemasdan oldin namozga chiqmas edilar. Qurbon hayiti kuni esa namozni o‘qib bo‘lmaguncha biror narsa yemas edilar”, deyilgan (Imom Termiziy rivoyati).

Boshqa rivoyatda: “Qurbonlik kuni jonliq so‘ygunlariga qadar biror narsa yemas edilar”, deyilgan bo‘lsa, Imom Ahmad va boshqalarning rivoyatida: “Qurbonlik uchun so‘ygan jonliqlaridan taomlanar edilar”, deyilgan.

Shunga ko‘ra ulamolarimiz, qurbonlik qilmoqchi bo‘lgan kishi qurbon hayiti kuni to iyd namozini ado etib, jonliqni so‘yib, uning go‘shtidan taom tayyorlab yemagunicha biror narsa tanovul qilmay turishi mustahab ekanini ta’kidlashgan. Agar qurbonlik qilmaydigan kishi bo‘lsa, bu ishda ixtiyorlidir (Mulla Ali al-Qori, “Mirqotul-mafotih” kitobi).

Nabiy alayhissalomning ushbu sunnatlaridan ko‘zlangan hikmat borasida ulamolar turli fikr bildirganlar. Ba’zi ulamolarga ko‘ra, Nabiy alayhissalom bu bilan faqir sahobalar bilan teng taomlanishni maqsad qilganlar. Chunki suffa ahlidan bo‘lgan sahobalarning o‘sha davrlarda yeydigan taomlari yo‘q edi. Ular qurbonlik qilgan musulmonlarning bergan taomlaridan qorin to‘yg‘azar edilar. Shuningdek, bunda Alloh taologa shukronalik ma’nosi ham bor. Chunki o‘sha kungi birinchi tanovul qiladigan taomi qurbonlik ibodatidan hosil bo‘lgan taom bo‘lsa, Alloh taoloning ushbu ibodatni joriy qilib, bandani bu dunyoda ham oxiratda ham ne’matlantirishiga shukr qiladi. Qolaversa, bu bilan Alloh taoloning quyidagi buyrug‘iga amal qilgan bo‘ladi:

فَكُلُواْ مِنۡهَا وَأَطۡعِمُواْ ٱلۡبَآئِسَ ٱلۡفَقِيرَ (الحج 28)

“Bas, undan (qurbonlik go‘shtidan) o‘zlaringiz ham yeyaveringiz, bechora kambag‘allarga ham yediringiz!” (Haj surasi, 28-oyat). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar