QURBONLIK HAYVONINI BOSHQA HAYVON EVAZIGA NASIYAGA SOTIB OLISH

ID: 122

04.04.2025

55

Savol:

Bir tanishimdan qurbonlik uchun qo‘y oldim va o‘sha qo‘yni qurbonlik qildim. Ammo u tanishim, ya’ni qo‘yning egasi menga pulini aytmasdan, balki evaziga bir oydan keyin xuddi shunday qo‘y olib berasan, deb shart qo‘ydi. Mening qurbonligim joizmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Avvalo, shu narsani yaxshi bilish kerakki, mazhabimizga ko‘ra, qo‘yni qo‘yga sotish ikki bir xil jinsdagi narsani bir-biriga almashtirish bo‘lib, bunda ribo bo‘lmasligi uchun ularni qo‘lma-qo‘l, ya’ni naqd savdo bilan bir-biriga almashish kerak va bu joizdir. Ammo, nasiya bo‘lsa, bu ribo va fosid bay, ya’ni nojoiz savdo hisoblanadi. Bu borada “Hidoya” kitobining “Inoya” nomli sharhida quyidagicha keltirilgan:

"وَبِمَا رَوَى أَبُو دَاوُد فِي السُّنَنِ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ { نَهَى عَنْ بَيْعِ الْحَيَوَانِ بِالْحَيَوَانِ نَسِيئَةً } لَنَا"

ya’ni: “Bizning dalilimiz "Abu Dovud "Sunan"da Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilganiga ko‘ra: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hayvonni boshqa hayvonga nasiya savdo qilib sotishdan qaytardilar" (“Inoya sharhi Hidoya”).

Shunga ko‘ra, yuqoridagi holatda ribo va fosid savdo ko‘rinishi mavjuddir. Shar’iy qoidaga ko‘ra, mazkur holatda bayning durust va halol bo‘lishi uchun uning fosid bo‘lishiga olib keluvchi illatdan qutilish kerak. Ya’ni kelishuvga ko‘ra, qo‘yni qo‘yga almashishga kelishilgan bo‘lsa ham xaridorga qo‘y emas, balki uning qiymatini to‘lash vojib bo‘ladi.

Endi qilingan qurbonlik masalasiga kelsak, mazhabimizga ko‘ra, fosid savdoda xaridor molni qabz qilgan (qo‘liga olgan) bo‘lsa, u uchun mulk (egalik) sobit bo‘ladi. Bu haqida “Inoya” kitobida shunday deyilgan:

( وَإِذَا قَبَضَ الْمُشْتَرِي الْمَبِيعَ فِي الْبَيْعِ الْفَاسِدِ بِأَمْرِ الْبَائِعِ وَفِي الْعَقْدِ عِوَضَانِ كُلُّ وَاحِدٍ مِنْهُمَا مَالٌ مَلَكَ الْمَبِيعَ وَلَزِمَتْهُ قِيمَتُهُ )

ya’ni: “Xaridor sotib olingan molni fosid savdoda sotuvchining buyrug‘i bilan qabul qilib olgan bo‘lsa, ularning kelishuvlari o‘zaro ikki bir jinsdagi narsani evaz qilish bo‘lgan bo‘lsa, mazkur suratda xaridor molga ega bo‘lgan hisoblanadi. Ammo, unga o‘sha kelishilgan evazni emas balki uning qiymatini to‘lash lozim bo‘ladi” (“Inoya sharhi Hidoya” kitobi).

Shunga ko‘ra, yuqoridagi holatda qilingan qurbonlik durust bo‘ladi. Ammo sotuvchiga qo‘y emas, balki uning qiymatini to‘lashi lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar