QULOG‘I BELGI UCHUN KESILGAN QO‘YNI QURBONLIK QILISH MUMKINMI?

ID: 748

04.04.2025

37

Savol:

Qulog‘i belgi uchun kesilgan sog‘lom qo‘yni qurbonlik qilish mumkinmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

 Qurbonlik qilish ibodat bo‘lib qurbonlik qilinadigan hayvonning barcha a’zolari sog‘ va butun bo‘lishi afzal. Lekin odatda hayvonlar ozgina nuqsondan, kamchilikdan xoli bo‘lmaydi. Xuddi shuningdek odatda cho‘ponlar qo‘ylarning qulog‘iga belgi qilish maqsadida turli tamg‘alar qo‘yadi yoki kesib qo‘yadi. Mo‘tabar fatovo kitoblarimizda shunday deyiladi:

وَلَوْ ذَهَبَ بَعْضُ هَذِهِ الْأَعْضَاءِ دُونَ بَعْضٍ مِنْ الْأُذُنِ وَالْأَلْيَةِ وَالذَّنَبِ وَالْعَيْنِ ذَكَرَ فِي الْجَامِعِ الصَّغِيرِ إنْ كَانَ الذَّاهِبُ كَثِيرًا يَمْنَعُ جَوَازَ التَّضْحِيَةِ، وَإِنْ كَانَ يَسِيرًا لَا يَمْنَعُ، وَاخْتَلَفَ أَصْحَابُنَا بَيْنَ الْقَلِيلِ وَالْكَثِيرِ فَعَنْ أَبِي حَنِيفَةَ - رَحِمَهُ اللَّهُ تَعَالَى - أَرْبَعُ رِوَايَاتٍ، وَرَوَى مُحَمَّدٌ - رَحِمَهُ اللَّهُ تَعَالَى - عَنْهُ فِي الْأَصْلِ وَفِي الْجَامِعِ أَنَّهُ إذَا كَانَ ذَهَبَ الثُّلُثُ أَوْ أَقَلُّ جَازَ، وَإِنْ كَانَ أَكْثَرَ لَا يَجُوزُ، وَالصَّحِيحُ أَنَّ الثُّلُثَ وَمَا دُونَهُ قَلِيلٌ وَمَا زَادَ عَلَيْهِ كَثِيرٌ، وَعَلَيْهِ الْفَتْوَى.

“Imom Muhammad rahmatullohi alayh “Jomi’ as-Sag‘ir” kitobida: “Agar hayvon qulog‘i, dumi yoki dumbasining aksar qismi (uzilib yo kesilib) ketgan bo‘lsa, qurbonlikka yaramaydi, lekin ozroq qismi kesilgan bo‘lsa, qurbonlik qilsa bo‘ladi”, - deganlar. Hanafiy mazhabi ulamolarining o‘rtasida ozi bilan ko‘pini ajratib turadigan qism qancha ekani borasida  ixtilof bor. Bu borada Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan to‘rt xil rivot kelgan. Imom Muhammad rahmatullohi alayh Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan (qurbonlik hayvonining qulog‘i, dumi yoki dumbasini) uchdan biri yoki uchdan biridan ozrog‘i kesilgan bo‘lsa qurbonlik qilish joiz, uchdan biridan ko‘prog‘i kesilgan bo‘lsa qurbonlik qilish joiz emasligini rivoyat qilgan va shu gapga fatvo berilgan. (“Fatovoi Hindiya” kitobi).

Demak, qurbonlik qilinayotgan qo‘yning qulog‘iga qaraladi, agar qo‘yning qulog‘ini uchdan bir yoki uchdan biridan ozroq qismi kesilgan bo‘lsa yoki qulog‘i teshib qo‘yilgan bo‘lsa, bu qo‘yni qurbonlik yoki aqiqa uchun so‘ysa bo‘ladi. Agar qo‘yning qulog‘ini uchdan biridan ko‘p qismi kesilgan bo‘lsa, qurbonlik va aqiqa uchun so‘yib bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.  

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 

Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar