Assalomu alaykum. Men o‘qishda o‘qiyman. Ba’zida uzurli holatim o‘qish vaqtiga to‘g‘ri kelib qoladi. G‘usl qilishim uchun suv iste’molga yaroqsiz, ya’ni filtr qilinmagan. Bu suvda yuvinsam, tanamga zarar keltirib qo‘yishim mumkin. Shuning uchun g‘usl qilgunimcha tahorat qilib, poklanib tursam bo‘ladimi? Bunda lekin ko‘nglim xotirjam bo‘lmagani uchun namoz va Qur’on o‘qimay turaman.
Va alaykum assalom. Hayzdan so‘ng poklanish uchun g‘usl qilish farzdir va tahoratning o‘zi uning o‘rniga o‘tmaydi. Shariatimiz suvdan foydalanish aniq va jiddiy sog‘liqqa zarar keltiradigan holatdagina tayammumga ruxsat beradi. Suvning shunchaki "filtrlanmagan" yoki "ichishga yaroqsiz" bo‘lishi, odatda, yuvinish uchun zararli degani emas. Siz bu suvda tahorat qila olar ekansiz, demak, unda g‘usl qilish ham tanangiz uchun xavfsizdir. Agar zarar haqidagi gumon aniq dalilga asoslanmagan bo‘lsa, bu vasvasa va shaytonning hiylasi hisoblanadi. Bunday holda darhol g‘usl qilib, kechiktirilgan namozlaringizning qazosini o‘qishni boshlashingiz va keyingilarini o‘z vaqtida ado etishingiz shart. Vallohu a’lam.