Qurbonlikga so‘yiladigan hayvonlardan qoramol, yoshi nechada bo‘lishi kerak? Ba’zan eshitib qolamiz “Kurak tishi bo‘lsa, bo‘laveradi” deb, bu gap qanchalik to‘g‘ri.
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Qurbonlikka so‘yiladigan hayvonlarning yoshi Payg‘ambarimiz alayhissalom tomonlaridan belgilab berilgan. Bu haqida mo‘’tabar fiqhiy kitoblarimizda shunday deyiladi:
ومن البقر ما تم له حولان وطعن في السنة الثالثة ... وتقدير هذه الاسنان بما قلنا لمنع النقصان لا لمنع الزيادة حتى لو ضحى بأقل من ذلك سنا لا يجوز ... (بدائع الصنائع)
ya’ni: “Qoramollardan qurbonlikka yaraydigani ikki yilga to‘lib, uchinchi yilga o‘tganidir.... Qurbonlikka so‘yiladigan hayvonlarni bu yillar bilan belgilashdan maqsad, bu yoshdan kichik bo‘lgan hayvonlarni qurbonligi durust emasligini ifoda qilish uchun, undan kattasini cheklash uchun emas. Hatto bu belgilangan yoshlardan kichik yoshdagi hayvonlar qurbonlik qilinsa, qurbonlik durust bo‘lmaydi”. ("Badoi’us-sanoi’" kitobi)
Chorvachilik sohasi mutaxassislari fikricha qora mollarning oldidagi ikki kurak tishi o‘n sakkiz, yigirma oylarda chiqar ekan. (Agroolam.uz internet sayti). Viloyat Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi Chorvachilik, asalarichilik, baliqchilik va parrandachilikni rivojlantirish sektori tavsiyalari).
Vaholanki, qurbonlikka so‘yiladigan qora mol ikki yoshga to‘lib, uch yoshga o‘tgan, ya’ni yigirma to‘rt oydan oshgan bo‘lish kerak. Shunday ekan agar kurak tishi bor qoramolni yoshi yigirma to‘rt oydan oshgan bo‘lsa, albatta qurbonligi durust bo‘ladi. Lekin yigirma to‘rt oyga yetmagani aniq bo‘lsa, uni qurbonlik qilish durust emas. Biroq kurak tishi bor qoramolni yoshi, oyi noaniq bo‘lsa, ehtiyotan boshqa yoshi aniq qoramolni qurbonlik qilish kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.