Hozirda ba’zi o‘rtoqlar yoki sheriklar, 5-6 kishi yig‘ilib, do‘kondan shisha idishli kola oladi. Keyin ichimlik idishining qopqog‘ini ochadi. Kimning raqami kichik bo‘lsa, ichimlikning hammasini pulini shu to‘laydi. Shunday qilish joizmi?
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Bunday qilish joiz emas. Chunki bunda bir kishining zarar ko‘rishi evaziga boshqalar foyda ko‘rmoqda. Bu ayni qimordir. Zero, har bir o‘yinda o‘rtaga pul tikilib yoki mol qo‘yilib, mag‘lubning molini g‘olib olib ketadigan bo‘lsa, u qimor hisoblanadi.
Ma’lumki, Islom dinida qimor qattiq qoralangan va gunohi kabiralardan biridir. Alloh taolo bu haqda shunday deydi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِنَّمَا الْخَمْرُ وَالْمَيْسِرُ وَالْأَنْصَابُ وَالْأَزْلَامُ رِجْسٌ مِنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ
Ya’ni: «Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr (mast qiluvchi ichimliklar), qimor, butlar va (fol ochadigan) cho‘plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo‘ling. Shoyadki, najot topsangiz». (Moida surasi, 90-oyat). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.