SHUNDAY HOLATLARDA MUNOFIQ BO‘LIB QOLMAYMIZMI?

ID: 247

04.04.2025

33

Savol:

Bir ma’ruzada musulmon musulmonni yomon ko‘rsa munofiq bo‘lib qoladi deb eshitdim. Bu qanchalik to‘g‘ri ya’ni ba’zi bir odamlarni qilayotgan hatti harakatlari, kiyayotgan kiyimlari tufayli ularga nisbatan yomon hayol keladi va ularni yomon ko‘rib qolamiz. Masalan, moda uchun hijob o‘rab olib, ularni qilib yurgan ishlari, hatti harakatlari tufayli. Shunday holatlarda munofiq bo‘lib qolmaymizmi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Bir musulmonni imon keltirgani, musulmon bo‘lgani uchungina yomon ko‘rish, uning dinini, ya’ni Islomni yomon ko‘rishdir. Bu munofiqlikning belgisi. Chunki munofiqlar o‘zlarini musulmon deb e’lon qilgan bo‘lsalarda ich-ichlaridan Islomni, musulmonlarni yomon ko‘rishar, ularga yomonlik yetishini kutishar, dushmanlar bilan birlashishga payt poylashardi.

Hadisi sharifga binoan mo‘min-musulmonlar toki bir-birlarini yaxshi ko‘rmagunlaricha komil mo‘min bo‘la olmaydilar. Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar, Payg‘ambarimiz alayhissalom aytdilar:

 لا تباغضوا ولا تدابروا ولا تنافسوا وكونوا عباد الله إخوانا

"Bir-biringizga bug‘zu adovat qilmang, bir-biringizdan yuz o‘girishib ketmang, bir-biringizga hasad qilmang, Allohning do‘st-birodar bandalari bo‘linglar" (Imom Muslim rivoyatlari).

Demak mo‘min mo‘minni yaxshi ko‘rishi kerak. Lekin mo‘min kishi gunoh ishlarni qilsa, aybu nuqsonga yo‘l qo‘ysa, uning shaxsini emas, balki gunoh ishlarini yomon ko‘rish, munofiqlik bo‘lmaydi. O‘z o‘rnida uning gunoh ishlarini turli yo‘llar bilan isloh qilib qo‘yish, mo‘minlik alomati bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar