Men Hanafiy mazhabida dengiz mahsulotlari (qisqichbaqa krevetka) halol emas degan javobni o‘qidim. Lekin supermarketdagi ko‘plab dengiz mahsulotlariga halol degan litsenziya berilgan. Shu masalaga oydinlik kiritib bersangiz. Alloh ilmingizni ziyoda qilsin.
Bismillahir rohmanir rohiym.
Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh mazhablarida dengiz hayvonlaridan faqat baliqni yeyish halol hisoblanadi. Qisqichbaqasimon hayvonlarni yeyish halol emas. Aynan Krevetkani ba’zi Hanafiy mazhabidagi xalqlar (masalan, Misrliklar) baliq, deb hisoblaganlari uchun uni yeyishni halol sanaganlar. Lekin bizning urfimizda uni hech kim baliq demagan va shu sababli ulamolarimiz ham uni yeyish durust emas deganlar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.