Birov qimor o‘ynab yurgan vaqtida boshqa birovga 2000 dollar yutqizgan va qarz bo‘lib qolgan. So‘ngra yutqizgan inson tavba qilib Allohning yo‘liga kirgan. Ammo yutgan inson o‘sha pulni bugun so‘rayapti. U ham qarz hisoblanadimi? Berishi lozimmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Islomda qimor o‘yini ulamolar ittifoqi bilan harom deb e’lon qilingan. Bunga Alloh taoloning ushbu oyati asos bo‘lgan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ إِنَّمَا الْخَمْرُ وَالْمَيْسِرُ وَالأَنصَابُ وَالأَزْلاَمُ رِجْسٌ مِّنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ
“Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho‘plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo‘ling. Shoyadki, najot topsangiz”. (Moida surasi 90).
Boshqa bir oyati karimada Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ إِلَّا أَنْ تَكُونَ تِجَارَةً عَنْ تَرَاضٍ مِنْكُمْ وَلَا تَقْتُلُوا أَنْفُسَكُمْ إِنَّ اللَّهَ كَانَ بِكُمْ رَحِيمًا
“Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz! O‘zaro rozilik asosidagi tijorat bo‘lsa, u bundan mustasno. Shuningdek, o‘zlaringizni (bir-biringizni nohaq) o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir”.
Birovning molini botil yo‘l bilan yeyishga ribo, qimor, poraxo‘rlik, aldamchilik, narxni sun’iy ravishda ko‘tarish, o‘g‘rilik, qimorbozlik, tovlamachilik, qarzga olgan narsalarni qaytarib bermaslik va boshqalar kiradi.
Demak qimor o‘ynab yutqazib qo‘ygan, foizga qarz olib olgan qarzidan tashqari ustiga qo‘shilgan foizi sabab qarzdor bo‘lgan, pora beraman deb va’da berib qarzdor bo‘lgan kishilar aslida qarzdor bo‘lmaydilar, bu qarzni qaytarish vojib bo‘lmaydi, balki bu qarzni bersa gunohkor bo‘ladi. Shariatda bu qarz deb e’tiborga olinmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.