Nega payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam avval boshdan Ka’baga qarab namoz o‘qimaganlar?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Ma’lumki, Makka davrida ham, Madina davrining dastlabki o‘n olti oyida ham qibla Masjidi Aqso taraf bo‘lgan.
Bunga quyidagi omillar sabab bo‘lgan. Ma’lumki, arablar Baytulloh ularning vatanida joylashgani, Ibrohim alayhissalomning davrlaridan beri atrofdan odamlar shu Baytullohni haj qilishga kelishlari bilan maqtanishar edi. Uni aqida asosida emas, balki taassub, tarafkashlik asosida hurmatlaydigan bo‘lib ketishgan edi. Agar ma’lum vaqt ularni ushbu holatdan uzib turilmasa, ana shu tarafkashliklaridan kelib chiqib, Payg‘ambarimizning Ka’baga qarab namoz o‘qiganlari uchun ergashamiz, deyishar edi. Bunday noto‘g‘ri tafakkur va tarafkashliklardan qutilib, johiliyat nopokliklaridan pok bo‘lgan holda, faqat sof aqidadan kelib chiqib Baytullohni e’zozlash uchun qibla vaqtincha Baytul Maqdis bo‘lib turdi. Shu bilan xolis musulmonlar millatchilik va tarafkashlik asosida Payg‘ambarimizga ergashganlardan ajrab, ularning qalblari, tafakkurlari, tasavvurlari noloyiq narsalardan poklandi. Ular Islomga biror qiziqqan narsasi tufayli emas, balki Alloh uchun kirdilar.
So‘ngra quyidagi oyat nozil bo‘lib, qibla Ka’bai muazzamaga qaratildi: «Goho yuzingning osmonga tez-tez burilganini ko‘rurmiz. Bas, albatta, seni o‘zing rozi bo‘lgan qiblaga qaraturmiz. Yuzingni Masjidul Harom tomon bur. Qayerda bo‘lsangiz ham, yuzingizni u tomon buringiz. Albatta, kitob berilganlar uni Robblaridan bo‘lgan haq ekanini bilurlar. Va Alloh ularning qilayotgan amallaridan g‘ofil emasdir».
Payg‘ambarimiz alayhissalom Ka’bai muazzamaning qibla qilib berilishini kutib yurganlar. Ka’baga nisbatan cheksiz muhabbat, buning ustiga ahli kitoblarning ta’nalari va boshqa omillar ta’sirida u zotning osmonga tez-tez qarab turishlarini Alloh taolo ko‘rib turar edi. Albatta, Alloh taolo bu ishni ko‘rib-bilib turganidan vaqti-soati kelganda Ka’baning qibla bo‘lganini e’lon qildi.
Yer yuzining turli burchaklarida istiqomat etuvchi musulmon ummatni yagona qibla jamlaydi. Vatanlari, turgan joylari, ranglari, tillari, shakllari, jinslari, yoshlari, ijtimoiy holatlari turli-tuman bo‘lishiga qaramay, namoz paytida yagona qiblaga yuzlanadilar. Bir qiblaga qarash ularning bir tanu bir jon ekanlarining, maqsadlari, tutgan yo‘llari birligining, Robblari, kitoblari va Payg‘ambarlari bir ekanining ramzidir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.