Men arxitektor dizayner bo‘lib ishlayman. Yaqinda bir masjidni qayta qurish ishlariga loyiha taklifini chizayotganimda bir muammoga duch keldim. Hozirda loyihasi buyurtma qilingan masjid qiblasi biroz boshqa tomonga qaragan ekan. Yaqinda, 2-3 yil ilgari qurilgan shu tumandagi masjid qiblasi esa biroz boshqa tomonga qaragan. Shu ish sabab bo‘lib qiblafinder.org kompyuter dasturi orqali kuzatishlar olib bordim. Natijada ushbu dastur yangi qurilgan masjidning qiblasini to‘g‘ri ekanini ko‘rsatmoqda. Savolim shuki, qiblani aniqlashda qiblafinder.org kompyuter dasturiga asoslansam bo‘ladimi? Shu masalada menga yechim va to‘g‘ri yo‘lni tanlashda yordam bersangiz.
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Qiblani aniqlashning bir necha xil usullari bo‘lib, zamonaviy dasturlardan foydalanish ham shulardan biridir. Bu mavzuda to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish uchun quyidagi havolaga qarang (https://t.me/diniysavollar/324).
Albatta namozning shartlaridan biri qiblaga yuzlanishdir. Alloh taolo bu haqda: “Va qayerdan chiqsang ham, yuzingni Masjidul Harom tomon bur. Qayerda bo‘lsangiz ham, yuzingizni u tomonga buring...” – deb marhamat qilgan (Baqara surasi 150 oyat).
Shuning uchun ham imkoni bo‘la turib qiblaga yuzlanmagan kishining namozi durust bo‘lmaydi. Qadimgi davrlarda ham qiblani aniqlashni o‘ziga xos usullari fiqh kitoblarimizda bayon qilingan. Hozirgi kunga kelib qiblani aniqlashda turli vositalar, ilovalar, zamonaviy asboblar paydo bo‘ldi. Ammo, shuni yaxshi bilish kerakki, bu xildagi zamonaviy vositalar Ka’baning ayni o‘zini emas balki, Makka shahrining yo‘nalishini ko‘rsatadi. Shu sabab, qiblani ushbu zamonaviy vositalar orqali aniqlanganda ba’zan biz qibla deb yuzlangan tarafdan o‘ng yoki chap tomonga moyilroq qilib ko‘rsatadi. Bu holatda Qibla haqida fiqhiy mas’alalardan voqif bo‘lmagan kishilar “Biz yuzlangan taraf qibla emas ekan, qibla bu tomonda ekan” deb, turli tushunmovchiliklarni kelib chiqishiga ham sababchi bo‘ladilar.
Ba’zi zamondosh olimlarimiz qibladan o‘ng yoki chap tarafga qirq besh darajagacha burilib ketmasa, namoz durust bo‘lishini, qirq besh darajadan o‘tib ketsa, namozi durust bo‘lmasligini ta’kidlamoqdalar. Shu sababli mana shu jihatlarini e’tiborga olgan holda hozirgi kunda qiblani aniqlovchi moslamalardan foydalanish joiz bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.