QAZO VA QADARGA IMON KELTIRISH

ID: 986

04.04.2025

204

Savol:

Islomda taqdirga imon keltirish kishining mo‘min bo‘lish shartlaridan biri ekanini bildim. Ya'ni Alloh hamma ishlarni oldindan “Lavhul mahfuz”ga yozib qo‘yilganiga ishonish kerak ekan. Bu dunyo - imtihon diyori ekanini yaxshi bilamiz. Savolim shuki, Alloh hamma narsani oldindan bilsa, meni jannatga yoki do‘zaxga kirishimni oldindan yozib qo‘ygan bo‘lsa, bu dunyo qanday qilib imtihon bo‘ladi? Alloh meni taqdirimni yozib qo‘ygan bo‘lsa-yu qilgan ishimga meni jazolashini qanday tushunishim kerak?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

إنَّا كُلَّ شَيْءٍ خَلَقْنَاهُ بِقَدَرٍ

ya’ni: “Albatta, Biz har bir narsani o‘lchov ila yaratdik” (Qamar surasi, 49-oyat).      O‘zbek tilida “o‘lchov” deb tarjima qilingan so‘z oyatda “qadar” lafzi bilan ifodalanadi. Ulamolarimiz “qazo” va “qadar”ni quyidagicha ta’riflaydilar:      “Qazo – Alloh taoloning hamma narsalarning kelajakda qanday bo‘lishini azaldan bilishidir”.      “Qadar – o‘sha narsalarning Allohning azaliy ilmiga muvofiq ravishda vujudga kelishidir”.      Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga ko‘ra, Alloh taolo bandalarning qiladigan ishlarini avvaldan bilishi ularni biror ishga majburlashi emas. Chunki, inson fe’llari ikki qismga bo‘linadi:       Birinchi qism — dunyodagi insonning daxli yo‘q narsalar. Faqat Alloh taoloning qudrati bilan bo‘ladi. Misol uchun, inson aqlining o‘tkir yoki o‘tmasligi, gavdasining turlicha, husnining chiroyli yoki xunukligi, tug‘ilish vaqti va joyi, erkak yoki ayolligi va shunga o‘xshash bir qancha ishlar borki, ularga insonning hech qanday daxli yo‘q. Inson bu narsalardan “Nega qomating uzun, yoki pakana?” yoki “Nima uchun falon kuni tug‘ilding, falon kuni o‘lding?” deb so‘roq qilinmaydi. Bularning hammasi Allohdan. Bu turdagi qadarga imon keltirish har bir mo‘min musulmonga vojibdir.      Ikkinchi qism — inson tomonidan sodir etilgan ish va amallarga bog‘liq. Bularda insonning daxli bor, u bu ishlarda o‘zining xohishi, ixtiyori va harakati bilan ishtirok etadi. Boshqacha qilib aytganda banda biror ishni amalga oshirishi uchun unga ichki va tashqi omillar ta’sir qiladi. Bu omillarni Alloh taolo bandaning xohishiga ko‘ra yaratadi. Banda ana shu xohishga mas’ul bo‘ladi.       Imom A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayh ushbu masala yuzasidan shunday deganlar:

"وكانَ اللهُ تعالى عالما في الأزَلِ بالأشياءِ قبلَ كونِها، وهوَ الذي قدّرَ الأشياءَ وقضاها، ولا يكونُ في الدنيا ولا في الآخرةِ شىءٌ إلا بمشيئتِهِ وعلمِهِ وقضائِهِ وقدرِهِ وكتْبِهِ في اللوحِ المحفوظِ ولكنْ كتبُهُ بالوصفِ لا بالحكمِ".

ya’ni: “Alloh barcha narsalarni yaratmasdan oldin ham azaldan bilar edi. Barcha narsalarning taqdir va qazosini Uning o‘zi belgilagan. Bu dunyodagi va oxiratdagi har bir narsa faqat uning xohishi, ilmi, qazosi, qadari, Lavhul­ mahfuzga yozib qo‘yilishi bilan bo‘lur. Lekin, yozib qo‘yishi tavsif yo‘li bilandir, hukm yo‘li bilan emas, ya’ni majburiy emas” (“Fiqhul akbar” kitobi).      Bandaga ixtiyor berilgani haqida ko‘plab oyati karimalarda xabar berilgan. Jumladan, Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

وَقُلِ الْحَقُّ مِن رَّبِّكُمْ  فَمَن شَاءَ فَلْيُؤْمِن وَمَن شَاءَ فَلْيَكْفُرْ

ya’ni: “Sen: «Bu haq Robbingiz tomonidandir. Bas, kim xohlasa, iymon keltirsin, kim xohlasa, kufr keltirsin”, degin” (Kahf surasi, 29-oyat). Boshqa bir oyatda shunday xabar berilgan:

قُلْ يَا أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ جَاءَكُمُ الْحَقُّ مِن رَّبِّكُمْ  فَمَنِ اهْتَدَىٰ فَإِنَّمَا يَهْتَدِي لِنَفْسِهِ  وَمَن ضَلَّ فَإِنَّمَا يَضِلُّ عَلَيْهَا  وَمَا أَنَا عَلَيْكُم بِوَكِيلٍ

ya’ni: “Sen: “Ey odamlar, sizga Robbingizdan haq keldi. Bas, kim hidoyatga yursa, o‘zi uchun hidoyat topadi. Kim zalolatga ketsa, o‘z zarariga zalolat topadi. Men sizlarning ustingizdan qo‘riqchi emasman”, deb ayt” (Yunus surasi, 108–oyat).      Ushbu ikki oyati karimada Alloh taolo hidoyat yoki zalolat yo‘llarini tanlashni bandaning ixtiyoriga havola etmoqda. Banda qaysi birini tanlasa, o‘shanga Alloh yo‘llab qo‘yadi. Banda esa o‘sha tanloviga ko‘ra yo savob yoki gunohga ega bo‘ladi.

Albatta, Alloh taoloning misli va o‘xshashi yo‘q. Lekin tushunish uchun keltirilgan shu misoldan ham qazoi qadarda bandani biror narsaga majburlash yo‘qligini anglab olishimiz zarur. Misol tariqasida, ustoz o‘z shogirdlarining ilmiy saviyasini yaxshi biladi. Imtihonga kirishdan avval falonchi «a’lo» baho oladi, pistonchi «yaxshi» baho oladi, deb aytdi. Imtihon natijasi ustoz aytganidek chiqdi. Shogirdlar ustoz aytgan gap uchun mazkur natijaga erishdilarmi? Yoki ustozning o‘z tajribasiga asoslangan ojizona ilmi ularni o‘sha baholarni olishga majbur qildimi?! Ojiz inson o‘ziga qarashli narsalarda shunchalik ilmga ega bo‘lsa, nima uchun qudratli Alloh – cheksiz ilm sohibi bo‘lgan Zot, azaldan hamma narsani bilmasligi kerak?!      Xulosa shuki, bandaga Alloh taolo yaxshilik yoki yomonlik, imon yoki kufrni tanlash ixtiyorini bergan. U ana shu ixtiyorini shariatda yaxshi sanalgan ishlarga bog‘lasa, savob oladi, agar qaytarilgan ishlarga bog‘lasa, man qilingan ishni ixtiyor qilgani uchun mas’ul bo‘lib qoladi. Shunga ko‘ra kim shariat belgilagan yo‘ldan yursa savobga erishadi, nafsi xohlagan yo‘ldan yursa shariat ko‘rsatmasiga bo‘yinsunmagani uchun jazoga giriftor bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar