QAZO-QADARNI DUO QAYTARADIMI?

ID: 379

04.04.2025

28

Savol:

Qazoyi qadarni duo qaytaradimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Termiziy rivoyatida: “Albatta, duo nozil bo‘lgan va endi nozil bo‘ladigan (kasallik, musibat kabi)larda naf’ beradi”.

Salmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Qazoni faqat duo qaytaradi, umrni faqat yaxshiliklar ziyoda qiladi” (Termiziy rivoyati).

Ushbu hadislarning zohiridan qazo-qadar o‘zgarishi tushuniladi. Ammo Ahli sunna val jamo’a aqidasiga ko‘ra qazo-qadar o‘zgarmaydi. Zohiridan qaraganda ikki bir biriga qarama qarshi tushuncha paydo bo‘lmoqda.

Muhammad Sa’id Ramazon Butiy: Ba’zi odamlar qazo va qadarga iymon keltirish sabablarga murojaat qilishga hojat qoldirmaydi deb o‘ylaydilar. Masalan kasal odam shifo topish uchun dori darmonga muhtoj emas. Chunki uning taqdirida shifo topish yozilgan bo‘lsa, shifo topaveradi. Rizq taqdirga yozilgan bo‘lsa, Alloh rizq beraveradi, kasbga – ishlashga hojat yo‘q deb o‘ylaydilar. Bu noto‘g‘ri e’tiqoddir.

Chunki taqdirda faqat natijalar yozilgan emas. Balki natijalarga olib boruvchi sabablar ham yozilgan. Hamma narsa taqdirda bitilgan. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda payg‘ambar alayhissalom aytadilar: “Har narsa taqdir bilandir. Hatto ojizlik va topqirlik ham” (Tabaroniy rivoyati).

Shunga ko‘ra bir insonga kasallik yetishi Allohning taqdiri bilan bo‘lgani kabi, uning tabibga va dori darmonga murojaat qilib, shifo topishi ham taqdir bilandir.

Masalan Alloh taolo Sobiq azaliy ilmida falon bandaning muayyan vaqtda kasallik changaliga tushishini bilgan. Huddi shuningdek, o‘sha falonchi Allohga tazarru’ qilib, shifo so‘rashini yoxud sadaqotlar qilib, uning barakotidan shifo berishini so‘rashini bilgan. Hamda uning duosini ijobat qilishi yoxud ajali yetgani sabab duosini ijobat qilmaligini ham bilgan. Xullas mazkur voqe’alar silsilasining hammasi taqdirda mavjuddir.

Xulosa qilib aytganda taqdirni o‘zgartiruvchi duoning o‘zi ham taqdirda bitilgandir.

“Mazkur ikkala hadis bir-biriga zid emas. Ha, Alloh taolo xaloyiqning miqdorlarini osmonlaru yerni yaratishidan ellik ming yil oldin bitib qo‘ygan, Uning bitib qo‘yganida aslo o‘zgarish bo‘lmaydi. Lekin U zot ro‘y beradigan ushbu narsalarga azaliy sabablarni tayin qilgan. Ya’ni solih amallar saodatga erishish uchun qo‘yilgan azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish va qarindoshlik aloqalarini bog‘lash kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi” (Hofiz Abul Qosim Lalkoiy. “Sharhu e’tiqodi ahli sunna” 3-juz. “Maktabatush shomila”. – B. 18.). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar