Ko‘p yillik qazo namozlarni o‘qish uchun qanday niyat qilinadi? Xato qilsa, qazo namozida ham attahiyyatdan keyin sajdai sahv qilinadimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Ko‘p yillik o‘qilmay qolib ketgan namozlarni ado qilish uchun qazo namozini o‘qish niyat qilinadi. Qazo namozlarida ham sajdai sahvni lozim qiladigan ishlar (masalan, vojiblarni tark qilish) yuzaga chiqsa, albatta, “attahiyat” duosidan keyin sajdai sahv qiladi.
Qazo namozlarining niyati haqida shunday deyiladi:
ولو نوي أول ظهر عليه أو آخر ظهر عليه جاز وهذا هو المخلص لمن لم يعرف أوقات الفائتة أو اشتبهت عليه أو أراد التسهيل علي نفسه
ya’ni: “Qazo namoz o‘quvchi: “Zimmamdagi avvalgi peshin namozining qazosi yoki zimmamdagi oxirgi peshin namozining qazosini o‘qishni niyat qildim”, - desa, joiz bo‘ladi. Bunday niyat qilish qazo qilgan namozini vaqtlarini bilmaydigan yoki qachonligi borasida shubhalangan yoxud yengillik xohlagan kishi uchun yechimdir. (“Al-ashboh van nazoir” va “Tatarxoniya” kitoblari). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.