QAZO NAMOZLARDA AZON AYTISH BOʻYICHA.

ID: 3263

14.10.2025

172

Savol:

Assalomu alaykum. Men har kuni kamida 1-2 kunlik qazo namozlarni oʻqiyman. Bu degani har kuni kamida beshta qazo namoz oʻqiyman. Shularni hammasiga boshida faqat bitta azon aytaman, lekin hammasiga iqomat aytaman. Boshida bitta azon aytishim xatomi?

Javob:

Va alaykum assalom. Qazo namozi ham xuddi vaqtida o‘qiladigan namoz kabi azon va iqomat aytib o‘qiladi. Bir nechta qazo namozlarni o‘qimoqchi bo‘lgan kishi boshida bitta azon aytib, qolganlarini iqomatni o‘zi bilan o‘qisa ham bo‘ladi.

Qazo namozlarni masjidda o‘qish va qazo namoz uchun masjidda jamoatga xalal beradigan tarzda azon aytish makruh amal hisoblanadi (“Durrul muxtor” Haskafiy).

Ba’zi ulamolarimiz agar qazo namoz uchun masjidda birovga xalal bermaydigan va o‘zi eshitadigan tarzda azon aytsa, makruh bo‘lmaydi, deyishgan. Bu haqda Alloma Ibn Obidin shunday deganlar:

أَمَّا إذَا كَانَ مُنْفَرِدًا وَيُؤَذِّنُ بِقَدْرِ مَا يُسْمِعُ نَفْسَهُ فَلَا

“Ammo o‘zi yolg‘iz bo‘lib, o‘ziga eshitiladigan miqdorda azon aytsa, makruh emas” ("Raddul muhtor" kitobi).

Shunga binoan, masjidda qazo namozlarni ado etish uchun boshqa namozxonlarga xalal bermaydigan tarzda azon va iqomat aytishingiz kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar