Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuhu. Ayollarga 9 yoshdan namoz buyurilgan. Men hozir 28 yoshdaman. 3 oy bo‘ldi, qoldirmay o‘qishga harakat qilyapman, inshaalloh. Avval ham o‘qirdim, lekin qazo ko‘p qazo qilib o‘qirdim. Alloh o‘zi kechirsin, astag‘firulloh. Shu ko‘p yillik namozlarimni, ya’ni belgilangan vaqtdan boshlangan qazolarimni qay tartibda o‘qisam bo‘ladi? Javobingiz uchun oldindan rahmat. Alloh rozi bo‘lsin.
Vaalaykum assalom varohmatulloh vabarokatuh. Shariatimiz ahkomlariga ko‘ra, namoz ayol kishiga balog‘atga yetgan, ya’ni ilk bor hayz ko‘rgan yoki bu holat kechiksa, 15 yoshga to‘lgan vaqtidan boshlab farz bo‘ladi. Avvalo, shu balog‘atga yetgan davringizdan hozirgacha o‘qilmagan namozlaringizning taxminiy hisobini, ehtiyot yuzasidan biroz ko‘proq qilib, chiqarib oling. Bu hisobdan balog‘atga yetgandan keyingi hayz va nifos kunlarini chiqarib tashlaysiz, chunki u kunlardagi namozlarning qazosi o‘qilmaydi. Qazolarni o‘qishda «Zimmamdagi eng oxirgi qazo bo‘lgan bomdod (yoki peshin va h.k.) namozining farzini o‘qishni niyat qildim» deya ado etib boring. Imkon qadar barcha bo‘sh vaqtlaringizni qazolarni o‘qishga bag‘ishlab, bu ulkan qarzdan tezroq qutulishga harakat qiling. Vallohu a’lam.